Davlat boshqaruvi sohasida rahbar kadrlar tayyorlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun kechki va masofaviy shakldagi ikki yillik magistratura dasturlariga qabul qilingan tinglovchilar uchun o‘quv yilining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar tomonidan zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi yuqori malakali, strategik fikrlaydigan va o‘z bilim hamda kompetensiyalarini muntazam ravishda boyitib boradigan kadrlarni talab etishi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, magistratura dasturlari zamonaviy davlat boshqaruvi, strategik rejalashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, inson kapitalini boshqarish va rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.

Mazkur dasturlar davlat boshqaruvi sohasida tahliliy fikrlaydigan, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega, o‘zgarishlarni samarali boshqara oladigan va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish salohiyatiga ega rahbar kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, tasdiqlangan davlat buyurtmasi doirasida va to‘lov-kontrakt asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil oladigan tinglovchilar kontingenti Boshqaruv samaradorligi agentligi, Akademiya, davlat organlari va tashkilotlari hamda buyurtmachi tashkilotlar hamkorligida shakllantiriladi.
G.Boboyeva,
O‘zA