Oliy sud raisi mahalla yettiligi faoliyati bilan tanishdi
Yurt obodligi mahalladan boshlanadi. Zotan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ham shunga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Yakkasaroy tumaniga To‘qimachi mahallasida bo‘lib, mahalla “yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish jarayonida mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Xususan, profilaktika inspektorining bu yo‘nalishdagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi.

Uchrashuv davomida mahallabay ishlash tizimini kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni manzilli va samarali tashkil etish, aholi bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifa ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, Oliy sud raisi Rakatboshi mahallasida ham bo‘lib, "mahalla yettiligi"ning faoliyati bilan tanishdi.

Unda hududda jinoyatchilikning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etish va profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tahlillar davomida Rakatboshi mahallasi jinoyatchilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha “sariq hudud” toifasiga tushib qolgani qayd etilib, ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Xususan, mahallada profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yoshlar bilan tizimli ishlash hamda hamkor tashkilotlar faoliyatini yanada muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov,
O‘zA