Chim ustida xokkey: O‘zbekiston jamoasi Osiyo o‘yinlari yo‘llanmasiga ega chiqdi
Tailandning Bangkok shahrida chim ustida xokkey bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlariga saralash turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muddatidan avval qit’a o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Turnirda “A” va “B” guruhlariga taqsimlangan Osiyoning 9 ta milliy terma jamoasi yozgi Osiyo o‘yinlari yo‘llanmalari yo‘lida kurash olib bormoqda.
Saralash musobaqalarining “B” guruhidan joy olgan O‘zbekiston chim ustida xokkey jamoasi Shri-Lanka, Bangladesh, Xitoy Taypeyi jamoalari bilan kuch sinashdi.

Guruh bosqichining ilk bahsida hamyurtlarimiz Shri-Lanka jamoasiga 3:1 ko‘rinishida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi o‘yinda Xitoy Taypeyi ustidan 8:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchinchi turda mamlakatimiz vakillari Bangladesh jamoasi bilan durangga erishgan (1:1) bo‘lsa, yurtdoshlarimizni 1-turda kichik farq bilan mag‘lub etgan Shri-Lanka xokkeychilari Xitoy-Taypeyi jamoasidan 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Ushbu natijalar tufayli O‘zbekiston terma jamoasi muddatidan avval yozgi Osiyo o‘yinlari yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tkaziladigan yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 ta mamlakat vakillari 41 ta sport turi bo‘yicha kechadigan bahslarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA