Chigit ekish qizg‘in davom etmoqda
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida paxtachilikda yangi mavsumga puxta tayyorgarlik va zamonaviy yondashuvlar asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon nafaqat agrar sohadagi islohotlarning amaliy ifodasi, balki fermerlar dunyoqarashi va mehnat madaniyatidagi yangilanishlarni ham yaqqol namoyon etmoqda.
Joriy yilda tumandagi 377 nafar fermer tomonidan 13 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayon zamonaviy “76 sxemasi” asosida qo‘shqator usulda tashkil etilmoqda. O‘tgan yillarda o‘z samarasini bergan mazkur agrotexnologiya bu yil ham hosildorlikni oshirishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda. Dehqonlar har gektardan o‘rtacha 54 sentnerdan hosil olib, umumiy hisobda esa 70 ming tonna paxta yetishtirishni maqsad qilishgan.
Tumandagi fermer xo‘jaliklarida mavsumga kirishish bir vaqtning o‘zida ham tashkiliy, ham ma’naviy jihatdan puxta tashkil etilmoqda. Umrzoq Mamatqulov fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasiga qarashli “Qambar Sharof” fermer xo‘jaligida yer tayyorlash ishlari sifatli bajarilib, chigit ekishga jadal kirishildi. Toyir Umurzoqov boshchiligidagi jamoa 102 gektar maydonda dehqonchilik qilib, uning 44 gektarida paxta ekish ishlarini boshlab yubordi.
[gallery-28592]
Ayni paytda, Xo‘jam Isroilov fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasiga qarashli “Zavqli hosil” fermer xo‘jaligida ham mavsumga uyushqoqlik bilan kirishildi. Milliy qadriyatlarga xos tarzda, chigit ekish arafasida ezgu niyatlar qilinib, duolar o‘qildi.
“Jizzax ostonasi” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasiga qarashli “Almamat Boymirzayev” fermer xo‘jaligida esa agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilgan holda chigit ekish ishlari izchil davom etmoqda. Yerni tayyorlashdan tortib, ekish jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sifat va samaradorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, tumandagi ushbu uchta fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmalarida olib borilayotgan ishlar o‘zaro uyg‘unlikda, yagona maqsad — yuqori hosildorlik va iqtisodiy samaradorlikka erishishga qaratilgan. Ilg‘or texnologiyalar, mehnat an’analari va tashkiliy intizomning birlashuvi esa kutilgan natijalarga mustahkam zamin yaratmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari