Britaniya Isroilga bosimni kuchaytirmoqda
“Anadolu” xabar berishicha, Buyuk Britaniya davlat kotibi Luiz Xeyg mamlakat G‘azo sektorida begunoh falastinlik bolalar halok bo‘lishiga endi jim qarab turmasligini ma’lum qilib, Isroil hukumatiga tazyiq oshirilishini va’da qildi.
Kasaba uyushmalari kongressida chiqish qilgan Xeyg Bosh vazir Endi Byornem fikrini qo‘llab-quvvatlagan holda, Qirollik G‘azo va G‘arbiy sohildagi voqealarga juda sust munosabat bildirayotganini ta’kidladi. Shuningdek, dunyoga o‘z qarashini eslatish zarur paytda mamlakat ikkilangani, bundan buyon begunoh oilalar barbod bo‘lishi va ikki davlat tuzish umidi so‘nishiga tomoshabin bo‘lib turmasligini qayd etdi.
Xeyg tashqi ishlar vaziri Ed Milibend tomonidan e’lon qilingan sanksiya Britaniyaning yondashuvini o‘zgartirishga qaratilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, London noqonuniy aholi manzillarini nishonga olish orqali Isroilga bosim o‘tkazib, Yaqin Sharqda tinchlik umidini saqlab qolish va adolatsizlikka qarshi turish niyatida.
Milibend o‘tgan hafta Isroilning noqonuniy aholi manzillaridan mahsulot importini taqiqlash, ushbu hududlarni kengaytirishga ko‘maklashayotgan kompaniya va shaxslarga nisbatan cheklov joriy qilish hamda zo‘ravonlikka da’vat qilgan radikal isroilliklarga nisbatan qo‘shimcha sanksiya belgilash nazarda tutilgan choralarni e’lon qilgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA