Rizoiy: Eronning urushni tugatish sharti Vashington manfaatiga mos
– Eronning urushni tugatish shartini qabul qilish Vashington manfaatiga mos keladi, chunki AQSH Prezidenti Donald Trampning tahdidi hech qanday natijaga olib kelmaydi, – dedi Islom inqilobi Oliy Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiy “Al Jazira” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Amerika rahbarining Eronga oid bahosi va hisob-kitobi boshdanoq noto‘g‘ri bo‘lgan.
– Eron hal qiluvchi urushga tayyor, – deya ta’kidlagan mulozim. – Biz Amerika harbiylarining zaif tomonlaridan xabardormiz, hozir havo hujumini qaytarishga har qachongidan ko‘proq tayyormiz.
General AQSH memorandumdan chiqqandan so‘ng Eron Vashingtonga nisbatan strategiyasini butunlay o‘zgartirganini ta’kidladi.
– Agar bizga hujum qilinsa, AQSH bazalari va mintaqadagi manfaatlariga qarshi zarba beramiz, – dedi Rizoiy.
Eron yadroviy dasturiga to‘xtalarkan, u Tehron Oliy rahbar Humonaiy farmoniga sodiq qolishi, yadroviy doktrina o‘zgartirilmaganiga urg‘u berdi va shunday qo‘shimcha qildi:
– Kelajakda nima bo‘lishini bilmaymiz. AQSH va Isroil harakati Eronga Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqish imkonini beradi. Shuningdek, Qatar va Pokiston vositachilari bilan maslahatlashuv davom etyapti. Biz muzokara uchun shartimizni yetkazdik.
Bundan tashqari Kotib xusiylar va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi mojaro kuchayishi holatiga ham izoh berdi:
– Biz tomonlar o‘rtasidagi urushga chek qo‘yilishi tarafdorimiz. Menimcha, yamanliklar ham Podshohlik bilan kelishuvga erishishdan manfaatdor.
S.Rahimov, O‘zA