BAA: Mintaqadagi keskinlikka qaramay portlar faoliyati to‘xtamaydi
Birlashgan Arab Amirliklarining yirik logistika va port operatori - “AD Ports Group” mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga qaramay, barcha operatsiyalar odatiy tartibda davom etayotganini ma’lum qildi. Kompaniya xavfsizlik chorasi sifatida inqirozni boshqarish va biznes uzluksizligini ta’minlash rejalarini ishga tushirgan.
Bu jarayon Amirlikning tegishli idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, xodimlar va mijozlar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, deb yozdi “WAM” nashri.
Ta’kidlanishicha, kompaniya boshqarayotgan barcha portlar va terminallar, jumladan Xalifa porti ham to‘liq ish faoliyatini davom ettirmoqda. Shu bilan birga, Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati kamaygani sababli Xalifa portiga kirib kelayotgan kemalar soni qisqarishi mumkinligi qayd etildi, ammo bu port xizmatlarining uzluksiz ishlashiga ta’sir qilmasligi ta’kidlandi.
“AD Ports Group” ma’lumotiga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat sabab ayrim savdo yo‘nalishlari o‘zgarishi ehtimoli bor va bu kompaniyaning global dengiz tarmoqlarida yuk tashish hajmini oshirishi mumkin. 122 ta yuk kemasining aksar qismi Hormuz bo‘g‘ozidan tashqari hududlarda faoliyat yuritmoqda, bo‘g‘ozdagi kemalar esa Fors ko‘rfazi ichidagi reyslarni davom ettirmoqda.
Kompaniya rahbari Muhammad Juma ash-Shomisiy geosiyosiy keskinliklarga qaramay, xalqaro savdo barqarorligi saqlab kelinayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samarali boshqaruv va xavflarni oldindan baholash orqali kompaniya global ta’minot zanjirlari barqarorligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA