Chexiya bosh vaziri Markaziy Osiyoga tashrif buyuradi
Chexiya bosh vaziri Andrey Babish aprel oyi oxirida Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga rasmiy tashrifni amalga oshiradi.
Ma’lum qilinishicha, Babish 26–30-aprel kunlari Ozarbayjon, Qozog‘iston hamda O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif davomida unga Chexiya sanoat va savdo vaziri Karel Havlichek hamda chex tadbirkorlaridan iborat delegatsiya hamrohlik qiladi.
Dasturga ko‘ra, delegatsiya Boku, Ostona va Toshkent shaharlarida qator uchrashuvlar o‘tkazadi. Shuningdek, tashrif doirasida biznes forumlar, sohaviy seminarlar va tarmoq tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Praga rasmiylariga ko‘ra, ushbu uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA