Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida yirik sohil turizm majmuasi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgani Arnasoy tumani aholisining daromadi ko‘payishiga katta turtki berdi.
Endilikda Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ga Do‘stlik tumanidan ko‘l hududigacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini qurishni boshlash topshirildi.
Shuningdek, 7 milliard so‘m hisobiga tumandagi Baxtli mahallasining infratuzilmasi yaxshilanib, turizm qishlog‘iga aylantiriladi. Hududga olib boruvchi yo‘l ta’mirlanadi, tungi yoritish chiroqlari va turizm yo‘l belgilari o‘rnatiladi, manzarali daraxtlar ekiladi.
O‘zA