Alisher Qayumov O‘zbekistonning Yangi Zelandiyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi
Bugun Vellington shahridagi “Government House” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat General-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Ta’kidlanishicha, o‘zaro muloqot chog‘ida tomonlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Yangi Zelandiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishgan. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Dame Sindi Kiro Prezidentimiz rahbarligida o‘lkamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilayotgan natijalarni alohida ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida: Alisher Qayumov 2024-yilning martida O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi sifatida vazifasini bajarishga kirishgandi. 56 yoshli diplomat Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. Uzoq yillar davomida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) hamda Germaniyadagi elchixonada savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida ishlagan.
O‘.Alimov, O‘zA