Andijonda respublika ishchi guruhi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazdi
Andijon shahridagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasi hamda joriy yil 13 yanvar kuni Prezident, mamlakat Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda respublika ishchi guruhi a’zolari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, harbiy qism ofitser va askarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquqi instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori Murodil Baratov va boshqa mutasaddi mutaxassislar tomonidan Prezidentning Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan murojaatnomasi mazmun-mohiyati, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar va muhim vazifalar haqida keng tushuncha berildi.

Shuningdek, tadbirda mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik darajasini oshirish hamda harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident tashabbusi bilan harbiy qismlarda asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqilishi, dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, kasb sertifikati olishi, shuningdek, har yili 5 ming askar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida ta’lim olishi belgilandi. Umuman, harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi alohida qayd etildi.

O‘tkazilgan ma’rifiy uchrashuv harbiy xizmatchilarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti hamda harbiy sohadagi davlat siyosatiga oid bilim va tushunchalarini boyitish bilan birga, ularning qalbida vatanga hurmat, tinchlikka shukronalik va burchga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamladi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatning turli hududlarida bu kabi tadbirlar davom ettirilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari