Ta’lim infratuzilmasiga yirik sarmoya: 200 ta maktab yangilanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (AIIB) missiyasi vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosari Temur Komilov, vazirlik mas’ul xodimlari hamda xalqaro moliya instituti delegatsiyasi ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida davlat maktablari infratuzilmasini kengaytirish va zamonaviylashtirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasining bugungi holati atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amalga oshirish bosqichlari va ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyihaning umumiy qiymati 200 million AQSH dollarini tashkil etadi. Unga muvofiq, 2027–2032-yillar davomida respublika hududlaridagi 200 ta maktabda yangi o‘quv binolarini qurish rejalashtirilgan.

Ushbu tashabbus doirasida 94 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi, mavjud maktablar rekonstruksiya qilinadi, ta’lim muassasalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, uchrashuvda loyiha oldi tayyorgarlik jarayonlari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, atrof-muhit va ijtimoiy ta’sirni baholash (ESIA), muhandislik dizaynini ishlab chiqish, samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda tender jarayonlarini shaffof tashkil qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha ta’lim sifati va qamrovini oshirish, shuningdek, zamonaviy va qulay o‘quv muhitini yaratishda muhim qadam bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA