Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari e’lon qilindi
Poytaxtimizda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari taqdim etildi.
Tadbirda ro‘yxatga olish jarayonining dastlabki natijalari, unda qo‘llanilgan metodologik yondashuvlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish tajribasi, to‘plangan ma’lumotlardan davlat dasturlari va strategik qarorlarni ishlab chiqishda foydalanish masalalari yuzasidan axborot berildi.
Ma’lumki, mazkur ro‘yxatga olish tadbirlari davlatimiz rahbarining 2025-yil 19-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazildi.
Tadbirda qayd etilganidek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va agrar holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan yirik statistik jarayon hisoblanadi. Bu tadbir orqali aholi soni, uning hududlar kesimida joylashuvi, yosh va jins tarkibi, yashash sharoitlari, ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sub’ektlari va resurslari bo‘yicha muhim ma’lumotlar shakllantirildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, onlayn ro‘yxatga olish jarayonida aholining 82,3 foizi qamrab olindi. Aholining qolgan qismi esa “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan uyma-uy yurgan holda planshetlar orqali ro‘yxatga olindi.
Ro‘yxatga olishdan keyingi kuzatuv natijalariga ko‘ra, umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan va 2,7 foiz aholi turli sabablar yuzasidan ro‘yxatga olish jarayonlarida qatnashmagan. Bu xalqaro me’yorlar bo‘yicha normal holat bo‘lib, turli davlatlarda 10 foiz va undan yuqori holatlar kuzatilgan.
Ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etishda xarajatlar samaradorligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir nafar aholini ro‘yxatga olish uchun sarflangan xarajat 0,12 AQSH dollarini tashkil etdi.
Tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida 8,2 milliondan ortiq ob’ektning geolokatsiya ma’lumotlari shakllantirildi. Ushbu ma’lumotlar aholi punktlari, turar joylar, qishloq xo‘jaligi ob’ektlari va boshqa manzilli birliklarni aniq hisobga olish, keyingi tahlillarda hududlar kesimida aniq ma’lumotlar bilan ishlash imkonini beradi.
[gallery-30152]
Jarayonni joylarda samarali tashkil etishda 55 mingdan ortiq “mahalla yettiligi” xodimlari ishtirok etdi. Ro‘yxatga olish davrida OneID tizimidan foydalanish ko‘lami ham sezilarli darajada oshdi. Xususan, mazkur davrda OneID tizimidan 2,1 million nafar yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.
Shuningdek, aholi murojaatlariga tezkor javob berish maqsadida call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ro‘yxatga olish jarayoni davomida call-markaz orqali kuniga 2 mingdan ortiq murojaatga javob berildi.
Ro‘yxatga olish tadbirining mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida keng qamrovli axborot-targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Xususan, umumiy tushuntirishlar, multiplikatsion roliklar, savolnomalarni to‘ldirish bo‘yicha maxsus videoqo‘llanmalar, firibgarlik holatlaridan ogohlantiruvchi materiallar, OneID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibiga doir videolar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jami 10 dan ortiq videoroliklar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Fuqarolarga ro‘yxatdan o‘tish tartibi, onlayn ishtirok etish imkoniyatlari, savolnomani to‘ldirish va boshqa masalalar bo‘yicha 30 dan ziyod brifinglar o‘tkazildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 1989-yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan. Joriy statistik hisob-kitoblar bo‘yicha mamlakat aholisi 38 million 236 ming 704 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari bo‘yicha 39 million 47 ming 321 nafarga yetdi. Farq 810 ming 617 nafarni tashkil etdi. Aholining jinsi bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, erkaklar soni 19 million 766 ming 166 nafarni, ayollar soni esa 19 million 281 ming 155 nafarni tashkil etdi.
Jarayonda O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq muddat istiqomat qilayotgan 56,9 ming nafar xorijiy davlat fuqarosi ham ro‘yxatga olindi. Ularning asosiy qismi Hindiston, Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, aholining millatlar bo‘yicha tarkibida o‘zbeklar — 89,4 foiz, tojiklar — 3,3 foiz, qoraqalpoqlar — 2,2 foiz, qozoqlar — 1,8 foiz, ruslar — 1,6 foiz, qirg‘izlar — 0,6 foiz, turkmanlar — 0,5 foiz, boshqa millatlar esa 0,6 foizni tashkil etdi. Aholining 35,7 million nafari yoki 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan va bu ko‘rsatkich etnik o‘zbeklar ulushidan (89,4 foiz) 1,9 f.p.ga yuqori.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, bir yillik ekin maydonlari 23,0 foizga, bog‘lar va tokzorlar 18,8 foizga, issiqxonalar 2,2 foizga va baliq boqish havzalari 15,0 foizga ko‘pligi aniqlandi. Chorvachilik ko‘rsatkichlarida ham sezilarli o‘zgartishlar kuzatildi. Xususan, yirik shoxli qoramollar soni joriy hisob-kitoblarga nisbatan 14,9 foizga, qo‘y va echkilar soni 6,2 foizga, otlar soni 11,2 foizga kamligi aniqlangan bo‘lsa, parrandalar soni 12,7 foizga o‘sgan.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari kelgusida demografik o‘zgarishlarni tahlil qilish, aholining hududlar kesimida joylashuvini baholash, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, yashash sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha manzilli qarorlar qabul qilish va tegishli tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi.
Ro‘yxatiga olish natijalari davlat dasturlari, hududiy rivojlanish strategiyalari, infratuzilma loyihalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va qishloq xo‘jaligi sohalarida rejalashtirish ishlarini yanada aniq va manzilli tashkil etishga xizmat qiladi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlari Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida doimiy ravishda e’lon qilib boriladi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA