Yoshlar kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi
Yoshlar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatining barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sardoba tumanida ham keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar yoshlarga bo‘lgan yuksak e’tibor, ularning salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasiga aylandi.
Tumanning Do‘stlik mahallasida Sardoba tumani hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tashabbusi bilan "Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!" shiori ostida tashkil etilgan bayram tadbiri yuzlab yoshlar, faollar va mahalla ahlini bir maydonga jamladi.

Tadbirda Sardoba tumani hokimi Ziyodulla Karimov ishtirok etib, yoshlarni mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi sifatida e’tirof etar ekan, ularni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, yurtimizda yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib, ularni ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

Bayram tadbirining eng quvonchli lahzalaridan biri faol va tashabbuskor yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Ilm-fan, ta’lim, sport, jamoatchilik ishlari hamda turli tanlov va loyihalarda yuqori natijalarga erishgan, intellektual salohiyati, tashabbuskorligi va faol fuqarolik pozitsiyasi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlar Sardoba tumani hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

— Prezidentimiz tabrigida biz yoshlarga, “Katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang! Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz, bilim va tarbiya bergan ustozlaringiz hamda sizlarga doimo ishonadigan Prezidentingiz bor”, degan da’vatlar biz uchun ulkan mas’uliyat va kuch bag‘ishladi. Bu so‘zlar har bir yoshni o‘z ustida tinmay ishlashga, bilim va malakasini oshirishga, Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga undaydi, — deydi tadbirda ishtirok etgan Do‘stlik mahallasi yoshlar yetakchisi Hasan Baxtiboyev

Tadbirning madaniy qismi ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Iste’dodli san’atkorlar, havaskor ijodkor yoshlar hamda badiiy jamoalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar, sahna ko‘rinishlari hamda musiqiy chiqishlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Kech davomida yoshlar uchun turli interaktiv dasturlar, ijodiy chiqishlar va quvnoq bellashuvlar ham tashkil etildi.

Yoshlar kuniga bag‘ishlangan ushbu bayram tadbiri Sardoba tumani yoshlarining faolligi, ijodiy salohiyati va mamlakat kelajagini barpo etish yo‘lidagi qat’iy intilishlarini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, tadbir ishtirokchilari qalbida Vatanga muhabbat, ezgu maqsadlar sari intilish va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdek yuksak tuyg‘ularni yanada mustahkamladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri