7 nafar bokschimiz Mo‘g‘ulistonda Osiyo chempionligi uchun ringga ko‘tariladi
Mo‘g‘ulistonda davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionati janglari o‘zining eng hayajonli onlariga tobora yaqinlashmoqda.
Kecha, 7-aprel kuni qit’a chempionatining so‘nggi yarim final janglari o‘tkazildi.
O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar a’zosi qit’a chempionligi yo‘lidagi murosasiz bahslarda o‘z iqtidorini namoyish etdi.

O‘tkazilgan janglarning 4 tasida hamyurtlarimiz g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa, 2 nafari – Nigina O‘ktamova (-57 kg) va Abdurahmon Mahmudjonov (-60) bronza medallari bilan kifoyalandi.

Yarim final janglarida qo‘yidagi natijalar qayd etildi:
-57 kg: Nigina O‘ktamova – Jasmin (Hindiston) 2:3
-75 kg: Javohir Abdurahimov – Akash (Hindiston) 4:1
-85 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev – Lokesh (Hindiston) 5:0
-60 kg: Abdurahmon Mahmudjonov – Orazbek Assilkulov (Qozog‘iston) 2:3
-80 kg: Fazliddin Erkinboyev – Minseong Kim (Koreya Respublikasi) raqib ringga chiqmadi.
-90 kg: Halimjon Mamasoliyev – Sagindik Togambay (Qozog‘iston) 4:1

Ortda qolgan yarim final musobaqalari sarhisobiga binoan terma jamoamizning 7 nafar a’zosi - 2 nafar ayol va 5 nafar bokschi yigitlarimiz Osiyo chempionatining oltin medallariga da’vogarlik qiladi.
Hindiston va Qozog‘iston terma jamoalari umumjamoa hisobida 8 tadan yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zbekiston bokschilari 7 ta yo‘llanmaga ega chiqdi. Xitoy va KXDR 3 ta, Yaponiya, Tailand, Mo‘g‘uliston, Iordaniya, Xitoy Taypeyi 2 ta, Tojikiston terma jamoasi 1 ta yo‘llanma sohibiga aylandi.
Bugun, 8-aprel musobaqa ishtirokchilari uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Qit’a birinchiligida ayollar o‘rtasidagi janglar 9-aprel, erkaklar o‘rtasidagi finallar esa 10-aprel kuni tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA