Inklyuziv ta’lim rivoji yo‘lida
Namangan shahridagi 11-umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim resurs markazi ish boshladi.
Namangan shahridagi 11-umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim resurs markazi ish boshladi.Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, Namangan shahar hokimligi, viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalari hamkorligida Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi doirasida tashkil etilgan markazning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning sog‘lom tengdoshlari qatori bilim olishi, kelgusida jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Inklyuziv ta’lim resurs markazlari O‘zbekistonning besh viloyatida, jumladan, Namanganda ham tashkil etildi, – deydi Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi xalqaro eksperti Stefaniya Alishauskene. – O‘zbekiston ta’lim tizimida maxsus davlat dasturlari asosida amalga oshirilayotgan tub islohotlar ta’limning sifat va samaradorligi tobora ortib borayotgani, barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida davom etayotgan izchil sa’y-harakatlar samarasida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda, xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Ishonamizki, mazkur loyiha ham kutilgan natijani beradi. Loyiha qamrovi bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.
Resurs markazi ikki yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan alohida ehtiyojli o‘g‘il-qizlarning davlat ta’lim standartlari asosida bilim olishi uchun qulay sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday bolalar bilan ishlaydigan pedagog kadrlar uchun inklyuziv ta’lim bo‘yicha seminar va o‘quv mashg‘ulotlari, tajriba almashinuvi tashkil qilish, ular uchun o‘quv dasturlari va materiallari ishlab chiqish, eksperimental maydoncha yaratish, qonunchilik hujjatlari hamda ijtimoiy kafolatlar haqida ma’lumotlar berish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.
– Inklyuziv ta’lim alohida ehtiyojli bolalarning sog‘lom tengdoshlari bilan teng sharoitlarda o‘qishi hamda jamiyatga ijtimoiy moslashuvini yengillashtirishga xizmat qiladi, – deydi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi vakili Lola Mo‘minova. – Bunda imkoniyati cheklangan bolani emas, balki tizimni o‘zgartirish orqali bolalarni imkoniyati, individual-psixologik o‘zlashtirish xususiyatlari hisobga olingan holda, sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi.
– Resurs markazida o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori O‘ktamxon Mirzayeva. – Elektron doskalar, so‘nggi rusumdagi komputer jamlanmalari, ko‘zi ojiz bolalar o‘qishi uchun portativ kattalashtirgich hamda tayanch-yurgich va boshqa zamonaviy vositalar bolajonlar ixtiyorida. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus kirish yo‘lagi, alohida sanitariya-gigiyena xonalari, maktab hovlisining bahavo va salqin bo‘lishiga xizmat qiluvchi kichik favvora kabi me’moriy qulayliklar ham mavjud.
Tadbir doirasida ishtirokchilar resurs markazida amalga oshirilgan ishlar, zamonaviy pedtexnologiyalar bilan tanishdi.