203 gramm “opiy”ni yashirin usulda olib kirishga uringan shaxs ushlandi
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida xorijlik 27 yoshli erkak 203 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini ichki a’zosiga yashirgani fosh etildi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi Surxondaryo viloyati Davlat xavfsizlik xizmati va Chegara qo‘shinlari xodimlari hamkorligida tezkor-qidiruv tadbiri chog‘ida oldindan kuzatuvga olingan xorijlik mehmon a’zolariga shubhali narsani yashirgani aniqlandi. U o‘zining to‘g‘ri ichak qismiga joylagan 3 dona polietilen o‘ramni 36 yoshli boshqa bir shaxsga topshirayotgan paytda qo‘lga olindi.

O‘ramlar xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida 203 gramm og‘irlikdagi “opiy” giyohvandlik moddasi ekani oshkor bo‘ldi.
Shu kuni tezkor tadbir Termiz shahrida davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositasini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan oxirgi 40 yoshli shaxs ham qo‘lga olindi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA