Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan 25 iyun kuni soat 23:58 da "Toshkent – Volgograd – Toshkent" yo‘nalishidagi 324/323-sonli Xalqaro yo‘lovchi poyezdi jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu poyezd o‘z manzili – Rossiya Federatsiyasining “Volgograd” temir yo‘l vokzaliga 28 iyun kuni soat 09:56 da yetib boradi.
Ayni paytda poyezd manzil tomon shitob bilan ketmoqda. Biz yo‘lovchilarining fikrlari bilan qiziqdik.

– Ushbu poyezd qatnovining qayta tiklanganidan juda xursandmiz, – deydi yo‘lovchi Muyassar Xudoyberganova. – Ikki yildan ko‘proq vaqtdan so‘ng, pandemiya cheklovlari bekor qilingandan keyin ilk bora qatnovi yo‘lga qo‘yilgan poyezdda yaratilgan sharoitlar a’lo darajada.

Toza choyshab, yostiqjild va sochiq berildi. To‘shak va yostiqlarning holati ham yaxshi. Vagonda samovar qaynab turibdi, ichimlik suvi ham bor. Umuman olganda, uzoq yo‘l yurish biroz qiyin, zerikarli bo‘ladi. Shuni hisobga olgan holda barcha choralar ko‘rilgan. Yoz fasli, tashqarida havo harorati juda issiq. Yo‘lovchilarga sovitish tizimi ishlab turgani yana bir qulaylik bo‘lyapti.

Uzoq masofa bosib o‘tilishi, ko‘p vaqt sarf etilishi inobatga olinib poyezdda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratishga e’tibor qilingan. Bolalar chizishi, bo‘yashi uchun suratli albom va rangli qalamlar, shuningdek, shaxmat tarqatilgani e’tiborga molik.


Yoqubjon Meliboyev(surat), O‘zA