Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TDSHU eronshunos iqtisodchilari uchun yangi imkoniyatlar
10:42 / 2021-01-13

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Eron Islom Respublikasining Alloma Tabotaboiy universiteti hamkorligida “Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti” kafedrasi eronshunoslari uchun ikki oylik o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi.

Onlayn shaklda tashkil etilgan va “Eron iqtisodiyoti zamonaviy bosqichda” deb nomlangan ushbu mashg‘ulotlar fors davlatining makroiqtisodiy taraqqiyoti tendensiyasi, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, sanoati transformatsiyasi, bank tizimi rivojlanish xususiyati, soliq siyosati hamda mamlakat hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi kabi mavzularni qamrab oladi.

– Eronning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xususan, Tehron va Alloma Tabotaboiy universitetlari bilan 2020 yil oxirida hamkorlik shartnomalari imzolangan, – deydi mashg‘ulotlarni ochib bergan TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Elyor Mahmudov. – Shu davr mobaynida fors tili, adabiyoti va Eron madaniyati bo‘yicha Alloma Tabotaboiy universiteti bilan bir qator qo‘shma onlayn-tadbirlar uyushtirildi. Navbatdagi loyiha iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha Eron oliy ta’lim muassasasi bilan TDSHU o‘rtasidagi ilk qo‘shma tadbir. Qayd etish o‘rinli, mazkur universitet bilan siyosatshunoslik yo‘nalishida ham sheriklik yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, joriy yilning 17 mart kuni Tehronda "Eronda neft sanoatini milliylashtirish: mintaqaviy va xalqaro ta’sir oqibati" mavzusida xalqaro videokonferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.

Eron Islom Respublikasining sobiq moliya va iqtisod vaziri, professor Dovud Donish Ja’fariy ilk ma’ruzachi sifatida “ayni mashg‘ulot, o‘quv darslari TDSHU eronshunos-iqtisodchi talabalari – ertangi kun mutaxassislari uchun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga yordam berishini” ta’kidladi.

Muloqot davomida Alloma Tabotaboiy universiteti vakillari TDSHUda fors tili va adabiyoti, eron madaniyati, tarixi, siyosati va iqtisodiyoti alohida e’tibor bilan, chuqur o‘rganilayotganini e’tirof etishdi.

Avval xabar qilinganidek, o‘tgan yilning 31 oktyabrida TDSHU Alloma Tabotaboiy universiteti bilan, 30 noyabrida esa Tehron universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.