Tarix sahifalari – ajdodlarimiz bizga qoldirgan eng katta boshqotirma. Har bir so‘z, har bir bitik va topilma ortida butun boshli sivilizatsiyalar taqdirini hal qilgan sirlar yashirin. Biz sizni ana shunday jumboqlarning kalitini topishga chorlaymiz. O‘z zakovatingizni ishga soling va o‘tmishimizdagi uch jumboqning javobini bilib oling.
BIRINCHI JUMBOQ
Biz odatda “Buyuk Ipak yo‘li” deganda ko‘z oldimizga Xitoy ipagining G‘arbga tashilish jarayonini keltiramiz. Go‘yoki Sharq faqat sotgan, G‘arb esa sotib olgandek. Ammo VII asr boshlarida vaziyat butunlay boshqacha edi. Xitoy tangalari va ipaklari evaziga Farg‘ona vodiysidan bir noyob “texnologiya” sharqqa qarab oqardi. Bu mahsulot shu qadar qadrli ediki, Xitoy imperatorlari uni ishlab chiqarishni o‘rganish uchun farg‘onalik va so‘g‘dlik ustalarni o‘z saroylariga taklif qilib, ularga katta imtiyozlar berganlar.
Bu narsa oltin emasdi, lekin quyosh nurida oltindan ham chiroyliroq tovlanardi. U suyuqlik emasdi, lekin suv kabi shaffof edi. U tosh emasdi, lekin qattiq va mo‘rt edi. Quva (Qubo) shahri arxeologik qazishmalarida uning butun boshli ustaxonalari, yasash qoliplari va turli xil namunalari topilgan. Xitoyliklar bu narsani o‘zlarida yasashni bilmasdilar va uni “G‘arbdan kelgan mo‘’jiza” deb atardilar. Bu texnologiya kimyo, olov va qumning sehrli uyg‘unligidan tug‘ilardi.
Diqqat, savol: Farg‘ona vodiysidan Xitoyga eksport qilingan va imperatorlarni maftun etgan ushbu “shaffof mo‘’jiza” nima edi?
IKKINCHI JUMBOQ
Namangan viloyati Pop tumanidagi qadimiy Munchoqtepa yodgorligi arxeologlarni lol qoldirgan bir manzarani ochdi. Odatda qadimgi odamlar marhumlarni yog‘och tobutlarga, tosh sag‘analarga yoki sopol suyakdonlarga (ossuriylarga) solganlar. Ammo bu yerda “boshqa usul” qo‘llanilgan. Yer ostidagi ulkan sag‘analarda marhumlar g‘aroyib “tobut”larda yotardi.
Bu “tobut”lar yog‘ochdan emas, odatda qurilishda yoki yozish vositasi sifatida ishlatiladigan oddiy bir o‘simlikdan yasalgan edi. Bu o‘simlik namlikka chidamli, havo o‘tkazadigan va yengil bo‘lgani uchun, ushbu materialdan to‘qilgan tobutlar jasadni uzoq vaqt “mumiyolangandek” saqlanishiga yordam bergan. Hatto marhumlarning kiyimlari ham qisman shu o‘simlik tolalaridan to‘qilgan. Bu usul na zardo‘shtiylikka, na boshqa dinlarga to‘liq mos keladi, bu – mahalliy aholining ixtirosi edi.
Diqqat, savol: Munchoqtepada topilgan, marhumlarni dafn etishda ishlatilgan ushbu noyob “material” nima?
UCHINCHI JUMBOQ
Bugungi dunyoda ingliz tili qanday rol o‘ynasa, milodiy V–VIII asrlarda Buyuk Ipak yo‘lida ushbu til xuddi shunday mavqega ega edi. Qizig‘i shundaki, bu tilda gaplashuvchi xalqning o‘zi ulkan imperiya tuzmagan, ularning soni xitoyliklar yoki turklardan ancha kam bo‘lgan. Lekin Xitoy poytaxti Chan’andan to Vizantiya chegaralarigacha bo‘lgan masofada savdo qilmoqchi bo‘lgan har qanday turk, xitoy, hind yoki fors savdogari bu tilni bilishi kerak edi.
Xitoylik sayohatchilarning yozishicha, bu tilda so‘zlashuvchilar “tug‘ilishi bilanoq savdoga o‘rgatiladi”. Ularning yozuvi vertikal (tik) emas, gorizontal bo‘lgan. Hattoki Xitoydagi ayrim qabr toshlarida aynan shu tildagi bitiklar va shu madaniyat vakillarining tasvirlari uchraydi. Bu til Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo vohalari aholisining muhim tili edi.
Diqqat, savol: Buyuk Ipak yo‘lining “Lingua Franca”si (xalqaro muloqot tili)ga aylangan ushbu qadimiy til qaysi?
Oldingi maqoladagi jumboqlarning javoblari
Birinchi jumboqning javobi: chiroq. Qadimgi konchilar uchun asosiy ish quroli bo‘lgan moychiroq ayni paytda “soat” vazifasini ham o‘tagan. Arab tarixchisi Yoqut Hamaviyning yozishicha, konchilar yer ostiga ma’lum miqdordagi moy solingan chiroq bilan tushishgan. Chiroqdagi moy tugab, u o‘chishi bilan ish vaqti ham tugagan hisoblangan. Bu usul nafaqat ish vaqtini aniq belgilagan, balki har bir konchining yer ostida xavfsiz qolishini ham kafolatlagan.
Ikkinchi jumboqning javobi: ko‘k (zangori). Bu rang ham xalqona e’tiqodlarda (firuza ko‘zmunchoqlar), ham yuksak tasavvufiy ta’limotda alohida o‘rin tutgan. Xivada darvozalarga ko‘k rangli sopol siniqlarini yopishtirish “yomon ko‘z”dan asraydi deb ishonilgan. So‘fiylar nazdida esa zangori rang osmon timsoli, sulukda yuqori darajaga yetgan oriflarning rangi hisoblangan.
Uchinchi jumboqning javobi: imoratning o‘tirishi (cho‘kishi).
Yangi qurilgan bino devorlari va poydevori vaqt o‘tishi bilan tabiiy ravishda cho‘kadi. Tajribali me’morlar tom va bezaklarni boshlashdan avval shu jarayon to‘liq yakunlanishini kutib, binoning mustahkamligini ta’minlashgan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA