Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya islohotida siyosiy boshpana berish huquqi: xorijiy tajriba, xalqaro amaliyot
19:49 / 2022-07-05

BMT ekspertlari tahliliga qaraganda, jahondagi 66 davlat Konstitutsiyasida xorijiy fuqarolarga boshpana berish huquqi kafolatlangan. Shu o‘rinda chet el tajribasini turli mintaqa va qit’alar kesimida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

(2-maqola)

Yaqin xorij

Dastlab Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshpana berishning aniq konstitutsiyaviy huquqiga ega mamlakatlar tajribasiga to‘xtalamiz.

Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 19-moddasiga ko‘ra, “...xalqaro majburiyatlarga muvofiq Qirg‘iziston Respublikasi siyosiy asosda, shuningdek inson huquqi va erkinligi buzilganligi sababli ta’qib qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”. Mazkur hujjat 2010 yil 27 iyundan kuchga kirgan.

1994 yil 6 noyabrda qabul qilingan va 2003 yil 22 iyunda o‘zgartirilgan Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasida qayd etilishicha, “Tojikiston inson huquqlari buzilishi qurboniga aylangan chet el fuqarolariga siyosiy boshpana berishi mumkin”.

1992 yil 18 mayda qabul qilingan va 2003 yil 15 avgustda o‘zgartirilgan Turkmaniston Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasi “...Turkmaniston o‘z mamlakatida siyosiy, milliy yoki diniy e’tiqodi uchun ta’qibga uchragan chet el fuqarolariga boshpana huquqini berishi” kafolatlangan.

Endi MDH tarkibidagi boshqa ayrim davlatlar amaliyotiga murojaat qilamiz.

1994 yil 1 martda hayotga tatbiq etilgan Belarus Konstitutsiyasining 12-moddasi: “Belarus Respublikasi siyosiy, diniy e’tiqodi yoki etnik mansubligi uchun boshqa davlatda ta’qibga uchragan shaxslarga boshpana berish huquqini qo‘llashi mumkin”.

1995 yil 24 avgustda qabul qilingan va 2010 yil 15 oktyabrda o‘zgartirilgan Gruziya Konstitutsiyasining 47-moddasi: “...xalqaro huquqning umumiy tarzda e’tirof etilgan qoidalari asosida va qonunda belgilangan tartibda Gruziya chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”.

1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan Moldova Konstitutsiyasining 19-moddasi: “...boshpana huquqi qonunga muvofiq va Moldova Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga rioya qilgan holda beriladi va bekor qilinadi”.

Ozarbayjonning 1995 yil 12 noyabrda tasdiqlangan Konstitutsiyasida 70-modda mavjud: “...e’tirof etilgan xalqaro huquqiy standartga muvofiq, Ozarbayjon Respublikasi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga siyosiy boshpana beradi”.

1993 yil 12 dekabrda kuchga kirgan va 2008 yil 31 dekabrda o‘zgartirilgan Rossiya Konstitutsiyasining 63-moddasi: “...Rossiya Federatsiyasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”.

1996 yil 28 iyunda qabul qilingan va 2010 yil 30 sentyabrda o‘zgartirilgan Ukraina Konstitutsiyasining 26-moddasi: “...chet elliklarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qonunda belgilangan tartibda boshpana berilishi mumkin”.

Osiyo

Endi mamlakatimiz joylashgan qit’a – Osiyo davlatlarining boshpana berish sohasidagi konstitutsiyaviy tajribasiga nazar solamiz.

1982 yil 4 dekabrdan amaldagi, 2004 yil 14 martda o‘zgartirilgan Xitoy Konstitutsiyasining 32-moddasi: “Xitoy Xalq Respublikasi Xitoy hududidagi chet elliklarning qonuniy huquqi va manfaatini himoya qiladi. Mamlakat hududida chet elliklar XXR qonunlariga rioya qilishlari shart. Xitoy siyosiy sababga ko‘ra talab qilinadigan holatlarda chet elliklar uchun boshpana berishi mumkin”.

1945 yil 18 avgustda qabul qilingan va 2002 yilda o‘zgartirilgan Indoneziya Konstitutsiyasining 28-moddasi: “...har bir inson o‘zi, oilasi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini himoya qilish, inson huquqiga daxldor amallarni bajarish yoki bajarmaslik qo‘rquvi tahdididan himoyalanish hamda himoya qilish huquqiga ega; har bir inson qiynoqdan yoki g‘ayriinsoniy va kamsituvchi muomaladan ozod bo‘lish hamda boshqa mamlakatdan siyosiy boshpana olish huquqiga ega”.

2005 yil 15 oktyabrda joriy etilgan Iroq Konstitutsiyasining 21-moddasi: “...qonun asosida Iroqda siyosiy boshpana huquqi xalqlar manfaatini, inson huquqini, tinchlik va adolatni himoya qilgani tufayli ta’qibga uchragan har bir chet ellik uchun davlat tomonidan kafolatlanadi”.

1979 yil 24 oktyabrda qabul qilingan va 1989 yil 28 iyulda o‘zgartirilgan Eron Konstitutsiyasining 155-moddasi: “Agar shaxs Eron qonunlariga binoan xoin va qo‘zg‘olonchi sifatida qaralmasa, Eron Islom Respublikasi hukumati so‘rayotganlarga siyosiy boshpana berishi mumkin”.

1991 yil 15 avgustda kuchga kirgan va 2003 yil 6 mayda o‘zgartirilgan Laos Konstitutsiyasining 51-moddasi: “Laos Xalq Demokratik Respublikasi ozodlik, adolat, tinchlik va ilmiy sabab uchun kurashgani tufayli ta’qibga uchragan chet elliklarga boshpana beradi”.

1992 yil 13 yanvarda qabul qilingan Mongoliya Konstitutsiyasining 18-moddasi: “...fuqaroligi bo‘lmagan, siyosiy birlashmalarda ishtirok etgani yoki e’tiqodi tufayli, siyosiy yoki boshqa faoliyati sabab ta’qibga uchragan shaxslarga ularning asosli so‘rovi bo‘yicha Mongoliyada boshpana berilishi mumkin”.

Saudiya Arabistoni Maslahat kengashi asosiy tizimida 1992 yil 1 martda qabul qilingan va yangi Konstitutsiya deb yuritiladigan Qirol farmonining 42-moddasi: “Agar jamoat manfaati talab qilsa, Davlat siyosiy boshpana beradi. Qoidalar va xalqaro shartnomalar jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish bilan bog‘liq tartib-qoidaga aniqlik kiritadi”.

Yevropa

Yevropa qit’asi davlatlarining bu boradagi tajribasi alohida diqqatga sazovor.

1998 yil 21 oktyabrda qabul qilingan Albaniya Konstitutsiyasining 40-moddasi: “Xorijliklar, qonunga ko‘ra, Albaniya Respublikasida panoh huquqiga ega”. 

1991 yil 12 iyulda qabul qilingan va 2007 yil 6 fevralda o‘zgartirilgan Bolgariya Konstitutsiyasining 27-moddasi: “...Bolgariya Respublikasida har bir shaxs xalqaro e’tirof etilgan huquq va erkinlikni himoya qilish doirasida ta’qibga uchraganda, o‘sha davlat qonuni va xalqaro konvensiyalarga muvofiq, boshqa davlatdan boshpana izlash va olish huquqiga ega”.

1949 yil 20 avgustda qabul qilingan va 2007 yil o‘zgartirilgan Vengriya Konstitutsiyasining 65-moddasi: “Qonun hujjatlarida belgilangan shartga muvofiq, Vengriya Respublikasi, agar kelib chiqish mamlakati bo‘lmasa yoki boshqa davlat himoyasini ta’minlamasa, o‘z vatani yoki yashayotgan mamlakatida irqi, millatiga ko‘ra ta’qibga uchraganlarga, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi, diniy yoki siyosiy e’tiqodi tufayli quvg‘inga duchor etilgani asoslangan chet el fuqarolariga boshpana huquqini kengaytiradi”.

1979 yil 6 dekabrda qabul qilingan va 1992 yil 27 avgustda o‘zgartirilgan Ispaniya Qirolligi Konstitutsiyasining 13-moddasi: “...Qonun boshqa mamlakatdan kelgan fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Ispaniyada boshpana olish huquqidan foydalanishi mumkinligi xususidagi shartlarni belgilaydi”.

1947 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 2003 yil 12 iyunda o‘zgartirilgan Italiya Konstitutsiyasining 10-moddasi: “...o‘z mamlakatida Italiya Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan demokratik erkinlikning haqiqiy amalga oshirilishini rad etgan chet ellik, qonunda belgilangan shartga muvofiq, Respublika hududida boshpana olish huquqiga ega”.

1991 yil 23 dekabrda qabul qilingan va 2006 yil 20 iyunda tahrir qilingan Sloveniya Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasi: “Qonun doirasida boshpana huquqi inson huquqi va asosiy erkinligiga sodiqligi tufayli ta’qibga uchragan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tan olinadi”.

1990 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 2001 yil 2 aprelda o‘zgartirilgan Xorvatiya Konstitutsiyasining 33-moddasi: “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar ular siyosiy bo‘lmagan jinoyat yoki xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga zid faoliyat uchun javobgarlikka tortilmasa, Xorvatiya Respublikasidan boshpana olishlari mumkin”.

Amerika

Boshpana berishning aniq konstitutsiyaviy huquqini kafolatlashda Amerika qit’asi davlatlarining tajribasi, ayniqsa, e’tiborli.

2009 yil 7 fevralda qabul qilingan Boliviya Konstitutsiyasining 29-moddasi: “xorijliklarning talab, mafkuraviy yoki siyosiy ta’qib uchun boshpana yoxud siyosiy panoh olish huquqi qonunlar va xalqaro shartnomalarga muvofiq e’tirof etiladi”.

1988 yil 5 oktyabrda qabul qilingan va 2010 yil mart oyida o‘zgartirilgan Braziliya Konstitutsiyasining 4-moddasi: “Braziliya Federativ Respublikasining xalqaro munosabatlari quyidagi tamoyillar asosida boshqariladi: ...siyosiy boshpana berish konsepsiyasi”.

1999 yil 15 dekabrda qabul qilingan Venesuela Konstitutsiyasining 69-moddasi: “...Venesuela Bolivar Respublikasi boshpana huquqini kafolatlaydi”.

1985 yil 31 mayda qabul qilingan va 1993 yil 17 noyabrda o‘zgartirilgan Gvatemala Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi: “Gvatemala boshpana huquqini tan oladi va xalqaro amaliyotga muvofiq beradi”.

1991 yil 6 iyulda qabul qilingan va 2005 yil 22 iyulda o‘zgartirilgan Kolumbiya Konstitutsiyasining 36-moddasi: “Boshpana huquqi qonunda nazarda tutilgan chegaralar doirasida tan olinadi”.

1992 yil 24 fevralda qabul qilingan va 2002 yil 26 iyunda o‘zgartirilgan Kuba Konstitutsiyasining 13-moddasi: “Kuba Respublikasi imperializm, fashizm, mustamlakachilik va neokolonializmga qarshi demokratik huquqqa oid g‘oyasi yoki kurashi uchun, kamsitish va irqchilikka qarshi, milliy ozodlik uchun, ishchi, dehqon va talabalar huquqi, talabi uchun; ularning ilg‘or siyosiy, ilmiy, badiiy va adabiy faoliyati uchun; sotsializm va tinchlik yo‘lida quvg‘in qilinganlarga boshpana beradi”.

1983 yil 20 dekabrda qabul qilingan va 2003 yil 15 mayda o‘zgartirilgan Salvador Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasi: “Salvador o‘z hududida yashashni istagan chet el fuqarosiga boshpana beradi, qonunda va xalqaro huquqda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”.

1992 yil 20 iyunda qabul qilingan Paragvay Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasi: “Paragvay siyosiy sababga ko‘ra yoki tegishli umumiy jinoyati, fikri yo e’tiqodi tufayli ta’qibga uchragan shaxslarga hududiy hamda diplomatik boshpana huquqini beradi. Davlat organlari tegishli shaxsiy va xavfsizlikni ta’minlovchi hujjatlarni darhol berishi talab etiladi. Siyosiy boshpana berilgan hech kim hokimiyati uni ta’qib qilayotgan mamlakatga borishga majbur etilmaydi”.

1998 yil 5 iyunda qabul qilingan Ekvador Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasi: “Siyosiy jinoyati uchun ta’qib qilingan ekvadorliklar boshpana so‘rash hamda ushbu huquqni qonun va xalqaro shartnomaga muvofiq amalga oshirish huquqiga ega. Ekvador boshpana uchun xorijliklar huquqini tan oladi”.

Afrika

Afrika qit’asidagi davlatlarda ham boshpana berish konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash yo‘nalishida muayyan tajriba to‘plangan.

1971 yil 11 sentyabrda qabul qilingan va 2007 yil 26 martda o‘zgartirilgan Misr Konstitutsiyasining 53-moddasi: “(1) siyosiy boshpana huquqi xalqlar manfaatini, inson huquqini, tinchlik va adolatni himoya qilgani tufayli ta’qibga uchragan har bir chet ellik uchun davlat tomonidan kafolatlanadi”.

1992 yil 25 avgustda qabul qilingan Angola Konstitutsiyaviy qonunining 26-moddasi: “Siyosiy sabab bilan ta’qib qilingan taqdirda, har qanday chet ellik shaxs yoki fuqaro uchun amaldagi qonunga va xalqaro hujjatlarga muvofiq boshpana so‘rash huquqi kafolatlanadi”.

1990 yil 2 dekabrdagi referendumda qabul qilingan Benin Respublikasi Konstitutsiyasining ilovasi hamda Xalq va inson huquqlari bo‘yicha Afrika xartiyasining 12-moddasi: “...har bir shaxs ta’qibga uchraganda o‘sha davlat qonuni va xalqaro konvensiyalarga muvofiq, boshqa davlatdan boshpana izlash va olish huquqiga ega”.

1992 yil 25 fevralda qabul qilingan Mali Konstitutsiyasining 12-moddasi: “...siyosiy yoki diniy e’tiqodi, etnik aloqasi tufayli ta’qib qilingan har qanday shaxs Mali Respublikasida boshpana huquqidan foydalanishi mumkin”.

1990 yil 30 noyabrda qabul qilingan Mozambik Konstitutsiyasining 64-moddasi: “... Mozambik Respublikasi tinchlik uchun kurashgani tufayli quvg‘inga uchragan chet elliklarga, demokratiya, milliy va ijtimoiy ozodlik yoki inson huquqini himoya qilgani sabab ta’qibga uchraganlarga boshpana beradi”.

1990 yil fevralda qabul qilingan va 1998 yil 24 dekabrda o‘zgartirilgan Namibiya Respublikasi Konstitutsiyasining 97-moddasi: “Davlat siyosiy e’tiqodi, irqi, dini yoki muayyan ijtimoiy guruhga a’zoligi asosiga ko‘ra ta’qibdan qo‘rqqan shaxslarga boshpana beradi”.

Ruanda Respublikasining 2003 yil 26 mayda qabul qilingan yangi Konstitutsiyasi 25-moddasi: “Boshpana huquqi qonun bilan belgilangan sharoitda tan olinadi”.

1996 yil 31 martda qabul qilingan Chad Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasi: “Boshpana huquqi qonunda belgilangan shart bilan chet el fuqarolari uchun beriladi. Siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlanadi”.

Qaysi davlatlar Konstitutsiyasida ekstraditsiya taqiqlangan?

Ayrim davlatlar Konstitutsiyasida boshpana huquqi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, siyosiy qochqinlarni qaytarib yubormaslik tamoyiliga amal qilish tajribasi uchraydi. Bunda o‘sha davlat Konstitutsiyasida ekstraditsiya taqiqlanganiga oid norma mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Jazoirning 1976 yil 19 noyabrda qabul qilingan va 1996 yil 28 noyabrda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasi 69-moddasiga muvofiq, “Hech bir holatda qonuniy boshpana huquqiga ega bo‘lgan siyosiy qochqinni topshirish yoki ekstraditsiya qilish mumkin emas”.

Suriya Arab Respublikasining 1973 yil 13 martda qabul qilingan va 2000 yil 11 iyunda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasidagi siyosiy boshpana masalasiga bag‘ishlangan 34-moddaga binoan, “Siyosiy qochqinlar siyosiy tamoyili yoki erkinlikni himoya etishi sabab ekstraditsiya qilinishi mumkin emas”.

Birlashgan Arab Amirliklarining 1971 yil 18 iyulda qabul qilingan muvaqqat Konstitutsiyasi 38-moddasiga ko‘ra, “fuqarolar va siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlanadi”.

Bahrayn Qirolligining 2002 yil 14 fevralda qabul qilingan Konstitutsiyasi 21-moddasi, Liviyaning 1969 yil 11 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi 11-moddasi, Tunis Respublikasining 1959 yil 1 iyunda qabul qilingan va 2008 yil 28 iyulda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasi 17-moddasi, shuningdek, Quvayt davlatining 1962 yil 11 noyabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi 46-moddasida ham siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlangan.

G‘ulom MIRZO,

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

matbuot xizmati xodimlari