Poytaxtimizda Savdo-sanoat palatasi, "O‘zmilliybank" AJ hamda "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasi hamkorligida zargarlik sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot soha rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.
O‘zbekiston zargarlik san’ati asrlar davomida milliy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Biroq, so‘nggi yillarda ushbu soha nafaqat madaniy meros, balki milliy iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi strategik tarmoqlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan zargarlikni "drayver" soha sifatida belgilanishi, ishlab chiqaruvchilarga berilgan keng imtiyozlar va xomashyo bazasining ochiqligi ichki bozorni sifatli mahsulot bilan to‘ldirish va eksport geografiyasini kengaytirish imkonini bermoqda.
Tadbirda sohaning yirik vakillaridan tortib, yakka tartibdagi tadbirkorlargacha ishtirok etib, o‘z muammo va takliflarini bayon etdi. Muloqot davomida soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar tinglandi va ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
– Tadbirda yirik va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi, – dedi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Mirahmedov. – Sohadagi muammoli masalalar, rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim sabablar atroflicha muhokama qilindi. Eksport hajmini oshirish va ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Zargarlik sanoatining modernizatsiya qilinishida "O‘zmilliybank" AJ asosiy moliyaviy lokomotiv vazifasini bajarmoqda. Bank tomonidan tadbirkorlarga taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar, lizing xizmatlari va birja orqali xomashyo sotib olish uchun ajratilayotgan aylanma mablag‘lar yangi quvvatlarni ishga tushirishda bosh omil bo‘lmoqda.
Bank ko‘magi va yaratilgan qulay muhit natijasida sohadagi asosiy ko‘rsatkichlar (2023–2025 yy.) keskin o‘sdi:
- Eksport: 78 million AQSH dollaridan 468 million AQSH dollarga;
- Ishlab chiqarish: 6 ming 776 Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijtimoiy қарашларидан 15 ming 920 kilogrammga;
- Ish o‘rinlari: 1 ming 500 tadan 5 ming 785 taga yetdi.
Mamlakatimizdagi investitsiya muhiti nafaqat mahalliy, balki xorijiy zargarlik gigantlarini ham o‘ziga jalb etmoqda. Xususan, Turkiya tajribasi asosida tashkil etilayotgan korxonalar sohaning texnologik salohiyatini oshirmoqda.
– O‘zbekistonda, Chirchiq texnoparkida bundan bir yarim yil avval “Zanjir dunyosi” MCHJ xorijiy korxonasiga asos soldik, – deydi turkiyalik tadbirkor, “Zanjir dunyosi” firmasi rahbari Seyhun Evbekler. — Yaqin oylar ichida korxonamiz ishga tushadi. Bugungi tadbirda ilgari surilgan takliflarimiz va muammolar inobatga olinib, ijobiy hal etilishiga ishonaman. O‘zbekiston investorlar uchun yaxshi imkoniyat beruvchi o‘lka, shu bois korxonamiz kelajagi porloq bo‘lishiga ishonaman.
Bugungi kunda O‘zbekiston zargarlik sanoati shunchaki ishlab chiqarish emas, balki yuqori texnologiyalar va milliy dizaynning uyg‘unligiga aylanmoqda. "O‘zmilliybank" AJ kabi kuchli moliyaviy institutlarning qo‘llab-quvvatlashi hamda xorijiy investorlarning ishonchi natijasida soha yaqin yillarda mamlakat iqtisodiyotiga eng ko‘p valyuta tushumini olib keluvchi tarmoqlardan biriga aylanishi shubhasiz.
Maqsad aniq — zargarlik sohasini kuchli iqtisodiy mexanizm asosiga qurish orqali O‘zbekistonni mintaqaning zargarlik markazi sifatida dunyoga tanitish.
Kamola Yusupova,
O‘zA