Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
22:03 / 2022-08-14

Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...

(Davomi. Oldingi qismi  13  avgustda e’lon qilingan)

Ch.Aytmatov: – Endi mafkuraviy demogogiya pardasini yulib tashlash vaqti keldi, ammo yana monologizm hukmronligini o‘rnatish va go‘yoki bizga ko‘p yo‘qotishlar olib kelgan murosasozlik manfaatlarini ifodalovchi suhbat madaniyatini inkor etish  ko‘zga tashlanmoqda. Monologizm – bu zo‘ravonlik pozitsiyasining harakatdagi shakliSovuq urush davrida monologizm butunlay hukmron bo‘lgan. Ammo har qanday holatda ham murosa – bu aqlning oliy sifati, chunki u suhbat jarayonida ikkala tomonning manfaatlari birday hisobga olinganda, ya’ni, agar o‘zimdan kelib chiqsam – men sizning manfaatlaringizni o‘zimniki deb bilganimda va ich-ichimdan hayotdagi umumiy manfaatlarimiz uchun aynan shunday qilish zarur, deb rozi bo‘lganimdagina yuz berishi mumkin. Shu o‘rinda, Buddaning: “Mag‘lub hamisha qasos hissi va qayta o‘yinga kirish uchun tashnalikni ko‘ngliga tugib yuradi, g‘olib masalaning shu tomoniga oqilona nazar solib, shunday munosabatda bo‘lishi, atmosfera hosil qilishi kerakki, toki mag‘lub kishi ko‘ngildan chiqmaydigan qasos hissini tuymasin...”, degan ta’limotini eslatib o‘tish o‘rinli ko‘rinadi. Shunga ko‘ra, agar oddiy suhbatga qaytsak, tomonlarning asosiy mahorati tinglash qobiliyati va suhbatdosh bilan oqilona kelishuvni o‘z ichiga oladi. Men dunyoda yangi tarixiy suhbatning tantanasi davrida yashayotganimdan xursandman. Bu bizning umumiy baxtimiz. Axir, insoniyatning yaqin tarixiy o‘tmishiga nazar tashlash umuman qiyin emas – varvarlikka (rivojlanish bosqichi sifatida) aynan suhbat madaniyati begona bo‘lganini, nahotki, unutib bo‘lsa. Buyruq berish va jazodan qo‘rqish tufayli itoatkorlik darajasida bir kishi ko‘pchilikni boshqargan paytda, suhbat hukmronlikning yagona shakli – kuch bilan to‘liq ustunlikni nazarda tutgan varvarlarcha fikrlashga butunlay zid edi.  Chunki suhbat – bu dunyoning ichki kengligini o‘rganish. Suhbat – bu fikrlash va dunyoni qabul qilishga moslashish.  Lao-szi bejiz aytmagan bo‘lsa kerak: bola tug‘ilganida yumshoq va mayin bo‘ladi (ya’ni, o‘ylashimcha, u atrof-olam bilan suhbatga kirishishga tayyor), keksa odam o‘lganida esa qattiq va harakatsiz bo‘ladi (boshqacha aytganda, o‘layotgan qariya tushunchaning keng ma’nosida suhbatlashish qobiliyatini yo‘qotadi).   Qadimgi donishmandlar bizga bu borada ko‘plab ta’limotlar qoldirishgan.Ammo, bilganingizdek, siyosatda so‘z – asil maqsadni yashirishning yo‘li. Xo‘sh, siyosatchilarning o‘zaro yoki siyosatchining “xalq ommasi” bilan uchrashuvini suhbat deb hisoblash mumkinmi? 

Ikeda:  O‘zaro tushunishning zaruriy sharti sifatida ishonchni ta’kidlashingiz to‘g‘ri. Shuningdek, avvalambor siyosatda, mening maslagimda, bugun avvalgiga qaraganda butunlay boshqacha rol o‘ynash: xalqlarni ajratish emas, balki bir butun insoniyatga birlashtirishga da’vat etiladi.Chingisxon bilan gurung  Ikeda:  Gyote bir paytlar shunday degan: “Maktub – bu tilni suiiste’mol qilish, o‘zi haqida o‘qish esa – achinarli soxta nutq”.Og‘zaki nutqning hayotbaxshligi haqidagi bu fikr, folklorning xalq ijodi asralgan ombor ekani, milliy an’analarni shakllantirayotganidan yana bir bor dalolat beradi.  Sizning ko‘p asarlaringiz milliy urf-odatlar va afsonaviy mavzular bilan sug‘orilgan. Aytingchi, folklor an’analari sizning ijodiy tasavvuringiz va adabiy uslubingizga qanday ta’sirini o‘tkazadi?

Ch.Aytmatov: – Chet eldagilarning aksariyatiga, o‘z ona tilida suhbatlashib, yuragining chigilini yozish uchun da’fatan tuproqdoshini uchratib qolishday kuchli istak tanish bo‘lsa kerak.Xo‘sh, bunda badiiy ijod bilan qanday o‘xshashlik ko‘raman? Avvalo – va bu menga hal qiluvchi bo‘lib tuyiladi – real voqelikni tasvirlayotgan zamonaviy yozuvchining qonmagan chanqog‘i, allaqachon unutilib ketgan nimaningdir ta’mi va hidini his etadi, ammo xotira genlari va ajdodlar tilida yashayotgan xoh manaschi bo‘lsin, xoh o‘lanchi, baxshi, qo‘bizchi, rapsodiya yoki ashug aytuvchi bo‘lsin, o‘zlarining ilhomli hayqiriqlarida (o‘sha paytda she’riy so‘z umuman musiqadan tashqarida bo‘lmagan) xalqning qalbini, uning dunyoqarashi, tabiat bilan tabiiy birlashish-uyg‘unlik tuyg‘usini ich-ichidan shunchalik hayratlanarli tarzda yetkazib berganki, men inson koinoti, Borliq kengligida faqat ruhan va shunga muvofiq jismonan sobitligi sharofati bilangina uni tug‘dirgan unsurlar: Osmon, Yer, Olov va ufq ortida yashiringan Noma’lumlik oldida egilmaydi, deb aytgan bo‘lardim. Shunday lahzalar keladiki, biz hammamiz bu dunyo ichra o‘z ko‘nglimizda musofir va darbadar bo‘lamiz. Ko‘ngil qandaydir sirli bo‘shliqqa ko‘r-ko‘rona talpinadi. Agar yangi gapni qurshab olgan o‘lik g‘ala-g‘ovurlar orasidan, keksa yoki yoshning tilidagi so‘zni, – charchoq ruhni yashnatuvchi tirik so‘zni eshitmasangiz, yashashda davom etish mumkin emasday. 

(Davomi bor)

Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi