French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
10:37 / 2022-07-24

Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz.

Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...

(Davomi. Oldingi qismi 23 iyulda e’lon qilingan)

Ch.Aytmatov: – Albatta.  Axir unisi  ham, bunisi ham o‘z vaqtida odamlarning real dunyoqarashi, hayot haqidagi tasavvurlarini, adolat va ezgulikka intilishlarini, haqiqat uchun kurash g‘oyalarini ifoda etgan. Agar afsona yoki rivoyatlar o‘z ichiga olgan sotsial-axloqiy tajriba aslo porloq pastoral emas, aksincha, odatdagiday dramatik, hatto ba’zan fojeali bo‘lsa, ular zamiridagi shafqatsiz voqelikdan “dam olish” haqida qanday gapirish mumkin?  Bu ko‘pincha xalq boshiga tushgan musibat va azob-uqubatlarning qonli solnomasi-ku. 

Ikeda:  Yaponiyada “kampir unutib qoldirgan g‘am” haqida ajoyib bir rivoyat bor. Qadimgi taomillardan biri haqida eshitgandirsiz, ona keksayib qolgach, yo o‘zi, yo bolalari yordamida toqqa ketib, qolgan hayotini hammadan olisda o‘tkazgan va yolg‘izlikda jon bergan, chunki ayol qarib, kuchdan qolgach, jamiyat uchun ortiqcha yuk bo‘lgan. “Kampir unutib qoldirgan g‘am” haqidagi qadimgi rivoyat xalqning nochor qatlami fojeasini aks ettiradi.   

Bir vaqtning o‘zida bu rivoyat oddiy odamlarning fojeali sinovlarda ham ularni tark etmagan idrokidan guvohlik beradi. Rivoyat va afsonalarning bezavol qadr-qiymati ana shunda... Feodal hukmdorlardan biri qo‘l ostidagilarga: “Kuldan arqon to‘qib olib keling” qabilidagi hal qilib bo‘lmas topshiriqlar berishni yaxshi ko‘rarkan. Kimgaki shunday savollar berilsa, javob topmagani uchun boshi tanasidan judo qilinarkan. Savollardan biri yosh yigitning chekiga tushibdi, u onasini toqqa olib borib tashlashning hech ilojini topmagani uchun yerto‘laga yashirib qo‘ygan ekan. Ona savolga javob topibdi va bundan mamnun bo‘lgan hukmdor kampirlarni toqqa jo‘natish haqidagi taomilni bekor qilibdi. Ushbu afsona xalqning o‘z aqlini hokimiyatga qarshi qo‘ya olishini aks ettirish bilan birga, kattalarni hurmat qilish – qimmatli hayot tajribasini avaylashni o‘rgatadi. 

Bilishimcha, mamlakatingizda qariyb odob doirasidagi haqiqatdan yiroq afsonalar ijodiyoti klassika bilan taqqoslanadi, shunday emasmi? 

Ch.Aytmatov: – Mutlaqo haqsiz. Qo‘rqamanki, allaqanday “beqiyos, o‘lmas” fidoyilar klassikaga murojaat qilib, uni zamonaviy adabiyotda o‘zlariga g‘ayrioddiy tuyilgan hamma narsa uchun qobiqli to‘shak qilishdan nariga o‘tmay, shu taxlid ko‘p zamonaviy yozuvchilarni realizmdan chetlatadilar. Klassikaning maktab-xrestomatiyasi darajasida qabul qilinishi keng tarqalgan, deb o‘ylayman. Axir agar bu kabi o‘quvchi va tanqidchilar mantig‘iga ergashadigan bo‘lsak, tortinishning nima keragi bor, eng avvalo, Gogolni realizmdan chetlashtirish kerak! Asov, dag‘al, sarkash nimaiki bo‘lmasin – fantastika emasmi! Rus realizmining poydevor toshi – “O‘lik jonlar”ni olaylik. Xo‘sh? Shu emasmi, ramziy ifodaning, mubolag‘aning, shoirona tasavvur kengqamrovli alangasining ilohiy tantanasi? Gogolmi, yo kimning realizmini sehrli deb atagan bo‘lsam, o‘quvchini sehrlab, uni afsonaviy-majoziy “uch qush” obrazining maftunkor ruhiga, boshqacha aytganda, qahramonlarning jonli, aniq fe’l-atvorini mujassamlantirgan, dunyoni yaxlit tasvirlagan, uni shitob bilan barcha mukammallik va cheksizliklar tomon burgan fantastik haqiqat, g‘oya, fikr va tuyg‘uga ishonishga majbur qiladi. Haqiqiy yozuvchi yaratadi, ya’ni umuminsoniy va o‘z falsafiy, axloqiy, estetik tajribasi asosida yangi badiiy haqiqatni ochadi, buning uchun barcha arzirli va zarur tasviriy vositalardan foydalanadi. Dostoyevskiy, Gofman, Balzak, Bulgakov, Tomas Mann, Tvardovskiy (“Narigi dunyodagi Tyorkin”), Xeminguey, Apdayk, Markes – ayrimlarga qanday yozish, o‘zini to‘lqinlantirgan fikrni ifodalashda qaysi usuldan foydalanish haqida umuman savol qoldirmaydigan yana qanchadan qancha hamma vaqtlarning va xalqlarning yozuvchilarini sanash mumkin. 

Ikeda:  O‘zingizning va boshqa ayrim mualliflarning afsona ijodiyotiga qiziqishini nima bilan izohlaysiz, afsona va allegoriyalar zamonaviy jamiyatning sotsial-ma’naviy hayotidagi real jarayonni ochib berishga ko‘maklashadimi?

Ch.Aytmatov: – Zilzila bu – yer ostini yorituvchi fonar, degandi qaysi bir olim. Aslida nega vaqti-vaqti bilan vulqon otilib turadi? Men bunday taqqoslashning mukammal emasligini tushunaman, ammo uning barcha nisbiylik va shartliligini hisobga olib, aminmanki, uzoq mudragan, abadiy yo‘q bo‘lib ketganday tuyilgan afsonalar, rivoyatlar, naqllar inson xotirasida jonlanishi va ishga tushishi tasodifiy emas, zamon talablariga, ilmiy-texnik taraqqiyotga zid emas, ayniqsa, “normal realist” kabi yozishni eplolmaydigan allaqanday mualliflarning xarxashasi yoki johil irodasiga ko‘ra emas. 

Xo‘sh, sabab nimada? Afsonalar ijodiyoti deb atalmish narsa zamonaviy adabiyotning badiiy tafakkurida nimani anglatadi? Tanqidchining kesatiqli lutfi: “To‘qima!”. Qattiqqo‘l-dadil o‘quvchi deydi: “Urf!” Ehtimol, bu yerda mantiq mana bunday: otasining (rusumdagi muallif – Shekspir), baquvvat emanning (Tolstoy), iblisning (Dostoyevskiy), baliqning (Xeminguey) va boshqalarning soyasida turib gapirish urfga kirgan. Zamonaviy yozuvchilarga esa nima oson: didingga va imkoniyatingga qarab xohlagan urfingni tanla va – o‘z “to‘qima”ngni to‘qib olaver. Menga, misol uchun: “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qahramonlaridan biriga oddiy qayiqqa qarata “Birodarim koyak!” deb ayttirishning nima keragi bor edi?” deyishsa, bu menga kerak emasligi, qahramonning o‘sha kayak uchun inson haqiqatdan ham birodar degan falsafasi va ko‘nglidagi ob-havoni ochib berish uchun kerakligi haqida tushuntirish qandaydir noqulay. U uni o‘z qo‘llari bilan yasadi, uning ichiga ko‘nglini, endi esa tabiiy ofatni yengish umidini ham ortdi. Axir biz mashinamizni ham birodarimiz deb o‘ylamaymizmi? Garchi har kimga har xil bo‘lsa-da.

(Davomi bor)

Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi