Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 17 iyulda e’lon qilingan) (Davomi.Oldingi qismi 17 iyulda e
Kuldan to‘qilgan arqon
Ikeda: – Sizning bir qancha kitoblaringiz, jumladan, “Oq kema” ham Yaponiyada bolalar adabiyotiga oid asar sifatida keng o‘quvchilar auditoriyasini jalb etdi. O‘zining ta’sirchan va sofdil o‘quvchilar ob’ektiga ega bo‘lgan bolalar adabiyotidan, hammabop, oddiy bo‘lish bilan birga, yuksak adabiy sifat ham talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, har qanday holatda ham, bolalar uchun tavsiya qilinayotgan asar, yoshlar va kattalar kitoblariga nisbatan yuqori sifatli bo‘lishi shart. Bolalar uchun hikoyalar yozgan paytim men bunga o‘z tajribamdan kelib chiqib ishonch hosil qilganman.
Oddiy va yuksak mazmunli kitoblar haqida fikr yuritilar ekan, Tolstoy hayotining so‘nggi yillarida bolalar uchun yozgan masal va ertaklar beixtiyor esga tushadi. San’atning buyuk mavzulari, – deydi Tolstoy shu kabi asarlari yozilishining sababini tushuntirar ekan, – hammaga tushunarli bo‘lgani uchun ham buyukdir.
Tolstoyning masal va ertaklari Romen Rollanni ham nihoyatda zavqlantiradi va u shunday deydi: “Bu ertaklar dunyoga bittayu bitta bo‘lib kelgan – ularni zamonaviy san’atda hech bir asar bilan solishtirib bo‘lmaydi”. Bolalar adabiyoti aynan shunday bo‘lishi kerak.
Buyuk shoir Pushkinning ruhiy shakllanishida, bolaligida enagasi Arina Rodionovnadan eshitgan rus ertaklari va xalq qo‘shiqlarining yordami kam bo‘lmagan. Asarlaridagi nechog‘lik buyuk ma’noning bolalar va oddiy odamlar uchun tushunarli ekani bu misolga guvohlik beradi. Sizning bu borada fikringiz qanday? Aytingchi, siz yosh o‘quvchilar ko‘ngliga yo‘lni qayerdan izlaysiz?
Ch.Aytmatov: – Yaqindagina bizning tanqidchiligimizda qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi, unda afsonalarga murojaat qilish yozuvchi uchun sal kam halokatli gunoh, sotsializmga suiqasd, yangi an’analarni tahqirlash sifatida taqdim etildi. Kaminai kamtarin ham ana shunday “buzg‘unchi”lardan biri deb ataldim. Eng achinarlisi, “belletrizm” jonkuyari bo‘lmish tanqidchini qo‘llab-quvvatlashga tayyor o‘quvchilar ham yetarlicha topildi.
Mana, bolalar kitoblari olami! Qanchalar betashvish xulosa, qanchalar olijanob qadimiy fikrlarni aytging keladi shu bilan bog‘lab. Ammo nahotki sovet sharoitida boshqaruv tizimi o‘z muhrini bosmagan biror bir soha qolmagan bo‘lsa. Qayerda bo‘lmasin, muammolar tangligini his etamiz. Hatto bolalar adabiyotida ham.
Ikeda: – Buning sababini nimada ko‘rasiz?
Ch.Aytmatov: – Men adabiyotning ayrim o‘quvchilarida bu kabi qolipga tushgan idrok va talablar uyg‘onishi sabablarini, xususan, sof kanonlashtirilgan va qolipga tushirilgan qahramon va uning ruhiyati, xatti-harakati nuqtai nazaridan uyg‘unlashtirilib, tartibga solingan sof didaktik, sayoz pand-nasihat nasrning, yumshatib aytganda, turmush ikir-chikirlariga oid maqbulligi, keskin aytganda esa – mafkuraviy pokligi ularning badiiy didini tarbiyalagani bilan izohlagan bo‘lardim. Bu turdagi hamisha mamnun, siyqasi chiqqan yengil-yelpi asarlarning, umuminsoniy madaniyat qon aylanish tizimi, shu jumladan, haqiqat va hayot mazmunini, insonning mavjudligi mazmunini anglash yo‘lidagi izlanishlar teran va jo‘shqin ta’riflangan XIX asr buyuk rus adabiyoti, uning puxta ishlangan psixologizmi, axloqiy-ma’naviy potensiali bilan mutlaqo bog‘liqligi yo‘q.
Hozirgi nasrda afsona, rivoyat, oleografiya va “sharqona” ruhda deb atalgan yoki boshqa bezaklardan foydalanish umumiy (unga tuyilgani kabi) ishtiyoqiga ajablanib qaragan tanqidchining tabarruk zardasini tushunish nihoyatda qiyin.
“Gap nimada? – keskin va dag‘dag‘ali so‘raydi tanqidchi. – Qayerdan keldi bu? A ha, hamonki zamonaviy adabiyotda o‘ziga xos afsonalar to‘qishga qiziqish va intilish kuzatilar ekan, demak, javob tayyor: hammasiga yozuvchini aniq yo‘lidan, realizm yo‘lidan chalg‘itgan folklor aybdor”.
Ikeda: – Aslida sotsial realizm talab qilgan “qashshoq” adabiyot hamma joyda mavjud. bugungi kunda vaziyat ana shunday. To‘g‘risini aytganda, afsonalar va an’analarga yuklangan ayb faqat tasavvurning qashshoqligidan guvohlik beradi. “Тuрмuш ongni belgilaydi», degan tushuncha shunday nuqtai nazarki, bazis hisoblangan ishlab chiqarish usulini, ustqurma hisoblangan adabiyot va san’atchalik aks ettiradigan hech nima yo‘q, bu go‘yoki hamma narsa iqtisodiyot sohasidagi ijtimoiy islohotlar orqali muvaffaqiyatli hal qilinadi, degan xomxayol, – bunday tuproqda tasavvur va ongning mo‘l hosilini yetishtirib bo‘lmaydi. Inson yuragining mulkiga aylanmish rivoyatlar, allegoriyalar, afsonalarni soxtalashtirilgan ratsionalizmga mos kelmagani uchun hayotdan quvib chiqarib bo‘lmaydi. Qadimgilarning tasavvur kuchini xuddi bema’ni orzuday, xuddi qora ibtidoiy davrning primitiv oqibatiday rad etishni o‘yimga hech sig‘dirolmayman.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi