Ma’lumki, rivojlanish va iqtisodiy o‘sish energiyaga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘ladi.

Chunki, bu ikki omil bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun energiyadan to‘g‘ri, samarali va rejali foydalanish, tabiatni asrash hamda tabiiy resurslarni tejash bilan birga davlat rivojiga va iqtisodiy o‘sishga ham xizmat qiladi.

Rivojlangan mamlakatlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish kengaymoqda. Masalan, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Braziliya, Italiya, Avstraliya va Hindistonda quyosh va shamfol elektr stansiyalariga katta sarmoyalar yo‘naltirilmoqda.

Xalqaro energetika agentligi ijro direktori Fatix Birol ta’kidlaganidek: “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari — dunyo energiya tizimining asosiy qismiga aylandi.”

Bugun dunyoda quyosh energiyasidan foydalanuvchi yetakchi davlatlar qatorida Xitoy (340 GVt), AQSH (103 GVt), Yaponiya (79 GVt), Germaniya (62 GVt) va Hindiston (57 GVt) bor. Germaniyada esa 2024 yilda elektr energiyasining 46 foizi qayta tiklanuvchi manbalar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida Bojxona qo‘mitasi, Tibbiy-ijtimoiy masalalar bilan ishlash va quyosh panellari o‘rnatilishini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Feruz Safarboyev quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2023 yil 16 fevraldagi tegishli qarorga asosan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi boshlangan. Jumladan, BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand (220 MVt), Jizzax (220 MVt), Surxondaryo (457 MVt), Qashqadaryo (500 MVt), Navoiy (122 MVt) viloyatlarida jami 1519 MVt quvvatli quyosh hamda 500 MVt shamol stansiyalari qurildi.

“ACWA Power” (BAA) kompaniyasi Buxoroda 1000 MVt shamol stansiyasini ishga tushirdi. Xitoyning “Gezhouba” kompaniyasi 500 MVt quyosh stansiyasini foydalanishga topshirdi. Samarqandda “Tepelen Group” kompaniyasi tomonidan 2023 yil oktyabrda 20 MVt quyosh stansiyasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular yiliga 9 milliard kVt/soat “yashil energiya” ishlab chiqarmoqda.

Natijada 2,73 milliard kub metr tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga chiqadigan zararli gazlar 4 million tonnadan ortiqqa kamaydi.

2023 yildan buyon respublika bo‘yicha 138 783 ta ob’ektga 1 903 MVt quyosh panellari o‘rnatildi. 

Energiya qurilmalarini o‘rnatish ishlari joylardagi ishchi guruhlar va bojxona xodimlari tomonidan nazorat qilinib, tizimli monitoring olib borilmoqda. Natijada 2144 ta ob’ektda 29 MVt panellar o‘rnatilmagan holatlar bartaraf etildi, 289 ta ob’ektdagi 6 MVt panellar ishlamayotgani aniqlanib, tizimdan chiqarildi.

2025 yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha 40 233 ta ob’ektga 918 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, yillik reja 117 foizga bajarildi.

Shu jumladan, ijtimoiy soha va davlat idoralarida — 5452 ta ob’ekt, 98 MVt, ko‘p qavatli uylarda — 808 ta ob’ekt, 11,9 MVt, aholi xonadonlarida — 23 737 ta ob’ekt, 238 MVt, tadbirkorlik sub’ektlarida — 10 236 ta ob’ekt, 570 MVt quyosh panellari o‘rnatildi.

Shuningdek, bojxona organlariga tegishli 74 ta bino va inshootda o‘rnatilgan 4,1 MVt quyosh panellari orqali ikki yarim yil ichida 8 milliard so‘m byudjet mablag‘i tejaldi.

2030 yilga borib O‘zbekiston aholisi 41 million nafarga, iqtisodiyot hajmi esa ikki baravarga o‘sishi kutilmoqda. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni 1,5 barobarga oshiradi.

O‘zbekiston quyosh panellari ishlab chiqarishda asosiy modda bo‘lgan kremniyga boy mamlakat bo‘lsa-da, yuqori texnologiyalar yetishmasligi sababli bu salohiyatdan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuning uchun ilmiy tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, innovatsion ishlanmalarni jadal yo‘lga qo‘yish zarur.

Qayta tiklanuvchi energiyani saqlash va uzatishdagi muammolarni hal qilish ham bu sohadagi rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

“Yashil energetika” nafaqat ekologik toza energiya ishlab chiqarishni, balki minglab yangi ish o‘rinlari yaratishni, raqobatbardosh energetika bozorini shakllantirishni ta’minlamoqda.

Bu mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish va global bozor sharoitiga moslashish imkonini bermoqda.

 Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil energetika” – O‘zbekistonning barqaror kelajagi sari qadam