Qishloq xo‘jaligida “soya” iqtisodiyotiga chek qo‘yiladi
Munosabat

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ular oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratildi. Natijada, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar yaratilib, 1 milliard dollarlik 1 500 ta oziq-ovqat loyihasi amalga oshirildi.
Bu ishlar mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi iste’molini mahalliy mahsulotlar hisobiga qondirish va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Biroq, sohaga oid tahlillar shundan dalolat beradiki, qishloq xo‘jaligi hali ham "soya" iqtisodiyotidan to‘liq xalos bo‘lmagan. Ya’ni, yetishtirilgan mahsulotning katta qismi rasmiy hisobotlarda aks etmaydi. Bu esa davlatga soliq tushumlarining kamayishi, fermer va dehqonlarning himoyadan mahrum qolishi hamda bozor munosabatlarining noto‘g‘ri shakllanishiga olib kelmoqda.
Shu bois, 2025 yil 4 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohani “soya” iqtisodiyotidan chiqarish va fermerlar uchun soliq yukini yengillashtirishga doir taqdimot va unda bildirilgan fikrlar va qabul qilingan qarorlar mamlakat agrar siyosatida yangi bosqichni boshlab berishga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, davlatimiz rahbari joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida aynan shu muammoga e’tibor qaratib, tegishli tashkilotlarga fermer va dehqonlar uchun qulay soliq muhitini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shu asosda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va mahalliy hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (g‘alla va paxtadan tashqari) sotilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llaniladi. Shu bilan birga, mahsulot yetishtirish jarayonidagi xarajatlar (urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr va boshqalar) uchun to‘langan QQS qaytarib beriladi.
Ushbu mexanizm orqali fermerlar soliq yukidan sezilarli darajada xalos bo‘ladi. Aniq raqamlarga ko‘ra, dehqon va fermerlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi. 400 milliard so‘m miqdoridagi QQS qaytarilishi orqali likvidlik ta’minlanadi.
Qabul qilingan qarorlar nafaqat fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, balki qishloq xo‘jaligini to‘liq shaffoflashtirish, raqobatbardoshligini oshirish, hamda sohadagi investitsiya muhitini yaxshilashda ham katta ahamiyatga ega. Qolaversa, yashirin iqtisodiyot ulushi kamayadi, fermerlarning rasmiy ravishda sotishga, hisobot yuritishga qiziqishi ortadi.
Shuningdek, sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalari soni ortishi iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat zanjirini kuchaytiradi. Soliq tizimiga ishonch ortib, soliq to‘lovchi o‘z foydasini seza boshlaydi, bu esa majburiylikka emas, ixtiyoriylikka asoslangan munosabatni shakllantiradi.
Prezident mutasaddi idoralarga yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirish, amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish va joylardagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Bu islohotlardan kutilgan natijalarga erishish uchun soliq organlari, agrar xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi, dehqon va fermerlar o‘rtasida seminarlar, treninglar va ommaviy axborot kampaniyalari tashkil etish zarur hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish va uni zamonaviy bozor talablariga moslashtirish jarayoni izchil davom etmoqda. QQSga oid yangi tartiblar fermerlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va butun agrar tizmda qo‘shilgan qiymat zanjirini to‘liq shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Eng muhimi, bu siyosat o‘zbek dehqonining mehnati haqiqatda qadrlanishi, qishloq aholisining turmush darajasi oshishi va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.
Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
O‘zA