Prezident va tadbirkorlar muloqoti: iqtisodiy siyosatda yangi bosqich
Munosabat
So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va islohotlarga asoslangan strategik yondashuvi muhim ahamiyat kasb etdi. 2025 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqot nafaqat iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, balki davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan muhim siyosiy voqelik bo‘ldi.

Bu muloqot nafaqat tadbirkorlarning fikrlarini eshitish, balki ular bilan birgalikda iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, muammolarga aniq va amaliy yechimlar taklif qilish uchun yangi maydonga aylandi.
Jumladan, Prezident ochiq muloqot chog‘ida alohida urg‘u bilan ta’kidladiki, mamlakat iqtisodiyotining yuragi – bu tadbirkorlik. Har bir yaratilgan ish o‘rni, har bir ishlab chiqarilgan va eksport qilingan mahsulot ortida bir tadbirkorning jasorati, mehnati va tashabbusi turadi.
Aytib o‘tish joizki, haqiqatdan ham oxirgi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, ayniqsa xususiy, sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar o‘zining samarasini ko‘rsatmoqda. Birgina o‘tgan davrda iqtisodiyotga jalb qilingan 230 milliard dollarlik investitsiya ham bunga yaqqol misoldir. Ayniqsa, 120 milliard dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi xalqaro ishonchning oshganini ko‘rsatadi.
Bu raqamlar tasodifiy emas – davlat tomonidan tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish, korrupsiya to‘siqlarini yo‘qotish va moliyaviy yordam mexanizmlarini kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, soliq tizimi tadbirkorlik uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu bois soliq yukini yengillashtirish, uni oddiy va tushunarli qilish hamda tadbirkorlarni “soya”dan chiqarish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Xususan, aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun 2026 yildan boshlab faqat 1 foiz stavkada soliq to‘lash imkoni yaratiladi. Bu minglab kichik biznes egalari uchun katta yengillikdir. Bu orqali ular qo‘llarida qoladigan mablag‘lar orqali faoliyatini kengaytirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Statistikaga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki yarmida 139 mingga yaqin korxona 800 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratgan. Bu esa soliq siyosatining real natijalarga ega ekanini tasdiqlaydi.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yetarli moliyaviy resurslarni taqdim etish islohotlarning asosiy ustunlaridan biridir. Ayniqsa, yangi ish boshlayotgan yoshlar va kichik biznes uchun qulay shartlarda kredit berish mexanizmi kengaytirilmoqda.
Shu maqsadda endilikda “chempion tadbirkorlar” dasturi doirasida har bir faol biznes vakili 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, startaplar uchun 100 million dollar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 1000 ta istiqbolli loyihani tijoratlashtirish ko‘zda tutilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida turizm sohasining ham o‘rni sezilarli darajada oshmoqda. Ushbu soha iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylandi. 2025 yilning o‘tgan davrida 7 million xorijiy sayyoh mamlakatga tashrif buyurgani, bu sohada katta salohiyat mavjud ekanini isbotladi. Yaqin 3-4 yilda xorijlik turistlar yillik oqimi kamida 15 millionga yetadi.
Muloqotda Prezident bu yo‘nalishda ham tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilishini ma’lum qildi. Xususan, 5 ming gektar yer maydoni mehmonxona, dam olish maskanlari va boshqa turizm ob’ektlari uchun auksion orqali taqdim etiladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi. Bu yondashuv juda innovatsion bo‘lib, davlat va xususiy sektor hamkorligining yorqin namunasidir.
Qolaversa, turizm sohasi uchun 30 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, 20 foizlik chegirma va 7 yillik muddat bilan moliyalashtirish kabi qulayliklar ham belgilangan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Hukumat xususiy sektorning faqat iqtisodiy sohalardagina emas, balki ijtimoiy sohalarda ham faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim sohalarida tadbirkorlarning ishtiroki rag‘batlantirilmoqda.
Endilikda ham ushbu islohotlar davom ettirilib, bog‘cha va maktab qurish uchun ajratiladigan yerlar 30 yil muddatga tekin ijaraga beriladi. Shu bilan birga, xususiy muassasalarda ta’lim olayotgan har bir bola uchun davlat tomonidan muayyan miqdorda subsidiya to‘lab beriladi. Bu ota-onalar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham katta yordam hisoblanadi.
Sir emas, bugungi tahlikali davrda zamonaviy iqtisodiyot raqamlashtirish va texnologiyalarga asoslanadi. Shu bois, O‘zbekistonda ham ayniqsa IT, fintex, agrotex, biotexnologiya va boshqa yangi yo‘nalishlardagi startaplarga keng yo‘l ochilmoqda. Xususan, IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paydi.
Tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga o‘rgandi. Ular an’anaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan. Prezident tomonidan mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Umuman, fintex-startaplarni ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilinadi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi. Bularning hisobiga yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq muloqoti O‘zbekistondagi iqtisodiy siyosatning yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Bu nafaqat davlat rahbari va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot maydoni, balki aniq yechimlar, amaliy natijalar va kelajakka qaratilgan dasturlarni muhokama qilish imkoni bo‘ldi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA