Xonqada jut o‘simligini ekish ishlari boshlandi
Jut - ekologik toza va iqtisodiy ahamiyati yuqori bo‘lgan texnik o‘simlik hisoblanadi. “Oltin tola” nomi bilan mashhur ushbu ekindan arqon, mato va turli sanoat mahsulotlari tayyorlanadi.
Xorazm viloyatining Xonqa tumanida jami 21 gektar maydonga jut o‘simligi ekilgan.
Bu esa hudud agrar sohasidagi yangi va muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Olaja” qishlog‘i hududidagi “Oqsoqli Sa’dulla Potti” fermer xo‘jaligining jami yer maydoni 90 gektar bo‘lib, paxta - g‘allachilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Biroq fermer xo‘jaligida 5 gektar maydonga jut ekini ham ekildi.
- Bu o‘simlik asosan iqlim sharoiti issiq bo‘lgan Bangladesh, Hindiston, Xitoy hamda Janubiy-Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlarida keng yetishtiriladi, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ahmadjon Abdullayev. - Ayniqsa, Bangladesh dunyodagi eng yirik jut eksportchilaridan biri sanaladi. Bizning Xorazm iqlimida ham yoz fasli juda issiq bo‘ldi. Shu sababdan bu yerda ekin o‘zini begona sezmaydi. O‘tgan yili tumanimizdagi ayrim fermerlar shu ekindan ekib yaxshi foyda olishdi. Biz ham yaxshi umidlar bilan urug‘ qadadik.
Jut o‘simligi jahon bozorida tabiiy, ekologik toza tolasi bilan juda qadrlanadi. Undan asosan sifatli qoplar, arqonlar, gilam asoslari, qurilish materiallari va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
[gallery-29705]
Xorazmda gilamchilik sohasi rivojlanganligi sababli ushbu ekin mahsulotini eksport qilishga ham hojat yo‘q. Sababi vohalik hunarmand va gilam ishlab chiqaruvchilar ushbu xom ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni allaqachon yo‘lga qo‘yishgan.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA