O‘zbekistonda tadbirkorlarning 40 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi
Bojxona qo‘mitasi, Oliy Majlis Senati huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar birlashmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususan ayollarni ishbilarmonlikka jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda tadbirkor ayollar soni 2 barobar ko‘payib, mamlakatimizda tadbirkorlarning 40 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etmoqda.
Uchrashuvda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bojxona organlari tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Sohani takomillashtirishga oid 60 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, 35 ta yangi axborot tizimlari, 41 ta interaktiv xizmatlar, 11 ta mobil ilovalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga yanada yengillik yaratish maqsadida ishga tushirilgan “Eksport uch qadamda” dasturi natijasida esa ilgari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lgan jarayonlar 3 barobarga qisqardi.

Sohani raqamlashtirish hisobiga eksport hamda import deklaratsiyalarining 80 foizdan ortig‘i soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bunda inson omilisiz rasmiylashtirish hajmi eksportda 60 foizni, importda esa 40 foizni tashkil qilmoqda.
Bojxona tartibotlarining soddalashgani hisobiga tadbirkorlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalmoqda.
Ochiq va konstruktiv tarzda o‘tgan muloqot yakunida Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov, Oliy Majlis Senati huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar birlashmasi raisi M.Sodiqova o‘zaro hamkorlik Memorandumini imzolashdi.

Mazkur hujjat tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida endi ish boshlayotgan xotin-qizlarning iqtisodiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish hamda malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda Bojxona instituti Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakulteti hamda hududiy bojxona boshqarmalarida o‘quv va malaka oshirish kurslari, davra suhbatlari, tajribali bojxona organlari xodimlari ishtirokidagi uchrashuvlar, muhokama va seminarlar o‘tkazishni nazarda tutadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA