Bugungi kunda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan va bu jarayon yanada jadallashmoqda. Ko‘p qirrali bu aloqalar energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, savdo, ijtimoiy xavfsizlik va boshqa muhim sohalarni qamrab olgan. Joriy yil 2 sentyabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin boshchiligidagi rasmiy delegatsiyalar muzokaralari hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Erishilgan navbatdagi samarali kelishuvlar, davlatlarimiz o‘rtasidagi bugungi aloqalar xususida iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jasurbek Otaniyozov O‘zAga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan bu galgi tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, muloqot savdo-iqtisodiy aloqani chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish hamda daromaddan olinadigan soliq ikki yoqlama qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangani, o‘zaro savdoda eng qulay davlat rejimi o‘rnatilgani ayni muddao.
Shu o‘rinda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida juda samarali sheriklik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz. Qator davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy asos yaratdi. Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani takomillashtirish, transport, farmatsevtika, telekommunikatsiya sohalarini rivojlantirish, qo‘shma yuqori texnologiyali sanoat parklari tashkil etish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatga, tenglik va ochiqlikka asoslangan hamkorlik jadal rivojlanishi zamirida, avvalo, ikki mamlakat taraqqiyot tamoyili va tashqi siyosat strategiyasidagi o‘xshashlik, maqsadlar uyg‘unligi mujassam. Mamlakatlar o‘tgan yillar davomida aloqalarni yanada mustahkamlagan holda o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan yelkama-yelka bormoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik jarayonida mamlakatlarimiz hududlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yuqori darajadagi ishonch va qalin sheriklikka asoslangan munosabatlar uzoq o‘tmishga – Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi.
Ta’kidlash joiz, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar savdo-iqtisodiy aloqa ko‘lamini kengaytirmoqda. Qadim Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu g‘oya tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlarni jalb etgan holda, xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylandi. Zero, Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasida joylashgan 70 dan ortiq mamlakatni bog‘lovchi mavjud iqtisodiy yo‘laklarni yanada takomillashtirish, yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishni ko‘zlagan Xitoyning mazkur tashabbusi mamlakatimizning barcha mamlakatlar va mintaqalar bilan o‘zaro manfaatli, teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish maqsadiga to‘la mos keladi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi aynan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, tovar, kapital, xizmat va texnologiyalar erkin harakatini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida savdo va investitsiya uchun qulay shart-sharoit yaratishga ko‘maklashish maqsadini ko‘zlaydi. Shuningdek, keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, transport va kommunikatsiya sohasidagi mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, davlatlarning tranzit salohiyatini takomillashtirish va energiya tizimini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan.
Loyiha dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘liga ega davlatlar bilan ham, qit’a ichkarisida joylashgan mamlakatlar bilan ham integratsiyani yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Ushbu tashabbus 2013 yil sentyabr, oktyabr oylarida XXR raisi Si Szinpinning Qozog‘iston va Indoneziyaga tashrifi davomida XXI asrda Ipak yo‘li va Dengiz ipak yo‘li Iqtisodiy makonini qisqacha nomlab, “Bir makon, bir yo‘l” tashkil qilish uchun uzoq muddatli strategik reja sifatida ilk bor ilgari surildi. O‘zbekiston tashabbusni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi.
Xitoy bu yo‘lda olib borayotgan ishlar O‘zbekiston siyosati bilan hamohangligi hamda keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan tashabbuslar ham e’tiborga molik.
Hozir Xitoy tashabbusi dastlabki qamrovidan farqli ravishda ancha kengaydi, geografik jihatdan dunyoning, deyarli, barcha mintaqalarini qamrab oldi. Eng muhimi, tarafdor mamlakatlar mintaqaviy jihatdan noyob tabiiy resurslar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar, yangi innovatsion ishlanmalar, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik imkoniyat borasida yuqori salohiyatga ega.
So‘nggi yillarda temir yo‘l, dengiz portlari va raqamli infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha hamkorlik kengaydi. Savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqa yanada rivojlanmoqda. Ushbu jarayon samaradorligini oshirish uchun Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Ipak yo‘li jamg‘armasi va mahalliy valyutalardan boshqa kreditlash mexanizmlari amaliyotga kiritildi. Ilmiy-innovatson, madaniy-ma’rifiy sohalarda ham o‘zaro almashinuv, foydali aloqalar shakllanib, rivojlanmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadallashmoqda. O‘zbekiston jahonning 200 ga yaqin mamlakati bilan savdo aloqasini yo‘lga qo‘ygan. 2025 yil yanvar-iyun oylarida mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasining 17,7 foizi aynan Xitoy ulushiga to‘g‘ri kelgan. 2024 yil tovar ayirboshlash qiymati 14 milliard dollardan oshdi, joriy yil boshidan yana 23 foiz o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish maqsad qilingan.
Davlat rahbarlarining joriy muzokaralari jarayonida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagi ishga tushishi, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashga yordam berib, Markaziy Osiyo davlatlari transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ushbu mamlakatning qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo, zargarlik sanoati, jamoat transportini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Qayd etish lozim, Xitoy mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoatning eksport salohiyatini yuksaltirishda faol ishtirok etmoqda. Ayni jarayonda Xitoyning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalar, birinchi navbatda yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, mamlakatlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik aloqalari rivojlanyapti. Natijada investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan oshdi. 2024 yil umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 loyiha ishga tushirildi. Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, BYD elektromobillari ishlab chiqarilishi kengaymoqda, mahalliylashtirish darajasi oshmoqda.
Energetika, jumladan qayta tiklanadigan energiya, neft-gaz, kimyo, yengil sanoat, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda faol investitsiyaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Milliy iqtisodiyot tarmoq va sohalarida Xitoy kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar tobora ko‘paymoqda. Hozir mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 3700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, bu mamlakatimizdagi mavjud chet el kapitali ishtirokidagi barcha kompaniyalar umumiy sonining qariyb 25 foizini tashkil etadi. Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energiya sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uglevodorod xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik loyihalarni mamlakat ichida va tashqi bozorlarda amalga oshirishga ixtisoslashgan dunyoning eng yirik energetika kompaniyalaridan biri “China National Petroleum Corporation” (CNPC) hisoblanadi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimizga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hajmi 5 milliard dollardan oshdi. Istiqbolda mazkur kompaniya bilan investitsiya hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish – yer osti tabiiy gaz saqlash inshootlari qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy metrologik standart hamda innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalarini ilgari surish maqsad qilingan.
Mamlakatlar o‘rtasida savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika, innovatsiya, yashil va raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish savdo-iqtisodiy salohiyatni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.