O‘zbekiston va Germaniya: Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik (+video)
O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Germaniya Federativ Respublikasi hukumati o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida kompleks sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha birinchi ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati, Germaniya Federativ Respublikasining Migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Doktor Yoaxim Shtamp rahbarligidagi delegatsiya, mas’ul vazirlik va idora mutaxassislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat iqtisodiy, balki inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy va huquqiy sohalarda ham keng ko‘lamda mustahkamlanib borayotganligi e’tirof etildi. Uning kun tartibida migratsiya sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda mehnat migrantlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, bandlik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda respublikamizda fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash, shuningdek xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha keng ko‘lamdagi dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar orqali mutaxassislarimizning Germaniya mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga erishish ko‘zda tutilyapti.
Shu paytgacha Germaniyaning 20 dan ortiq tashkiloti bilan migratsiya sohasida barqaror hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, 2021–2024 yillarda 2 000 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi ushbu mamlakatga turli kasblar bo‘yicha ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, Ausbildung tizimi doirasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta ta’lim berish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, Axen universiteti klinikasi bilan hamkorlikda “Germaniya tibbiyot akademiyasi” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu dastur mamlakatimizdagi 14 ta tibbiyot texnikumi talabalariga nemis tilini intensiv o‘rganish va Germaniya ta’lim standartlari asosida ta’lim olish imkonini beradi. Muvaffaqiyatli bitiruvchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etilganidan so‘ng ular Germaniya klinikalarida ishlash uchun yuboriladi. Transport sohasida ham samarali ishlar qilinmoqda. Germaniyaga yuk va avtobus haydovchilarini tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Euro-6 standartidagi simulyatorlar va o‘quv vositalari olib kelindi. Hozirgi vaqtda “Vatanparvar” tashkilotlarida kasbiy nemis tilini o‘qitish dasturlari amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston mutaxassislarining Germaniyadagi mehnat faoliyatiga jalb qilinishi, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha ikki davlat hamkorligini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, kasbiy ta’lim va qayta tayyorlash sohasidagi loyihalar ham mufassal muhokama qilindi. Muloqot yakunida keyingi yillar uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlanib, ishchi guruhning rejalashtirish faoliyati va uchrashuvlar jadvali belgilab olindi. Bu esa O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi va mobillik sohasidagi sheriklikning yangi bosqichini belgilab berdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nsbqsDYTz7I?si=sSWoLf_PX3Oh_9IY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA