Ma’lumki, joriy yilning 20-24 sentyabr kunlari davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘ldi.
Ushbu tashrif doirasida qator yirik shartnomalar imzolandi va strategik ahamiyatga ega kelishuvlar amalga oshirildi. Jumladan, “Uzbekistan Airways” va “Boeing” kompaniyasi o‘rtasida qiymati 8 milliard dollardan ortiq baholangan kelishuvning imzolanishi mamlakat aviatsiya sanoati tarixidagi eng yirik shartnoma sifatida qayd etildi. Bu kelishuv nafaqat milliy aviaparkni modernizatsiya qilish, balki uzoq masofali yo‘nalishlarni ochish, xalqaro aviatsiya bozorida raqobatbardoshlikni oshirish va yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini taqdim etadi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar oxirgi yillarda izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, 2016 yildan keyin o‘lkamiz tashqi siyosatining ochiqlik va diversifikatsiya yo‘nalishi tufayli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi, deyish mumkin. Ushbu davrda AQSH kompaniyalari nafaqat savdo sohasida, balki investitsiya, texnologiya transferi va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida ham faol ishtirok etib, yurtimiz iqtisodiyotiga innovatsion turtki berdi.
Aytish kerakki, 2021–2024 yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi barqaror va yuqori sur’atlarda o‘sib bordi, jumladan:
2021 yil – umumiy savdo 426,3 mln dollar, shundan eksport 60,8 mln, import 365,5 mln. Savdo balansi –304,7 mln dollar.
2022 yil – savdo hajmi 493,2 mln dollar (+15,7%), eksport 124,5 mln, import 368,7 mln. Eksport hajmi ikki barobardan ko‘proq o‘sdi.
2023 yil – savdo 657,3 mln dollar (+33,3%), eksport 155,4 mln, import 501,9 mln.
2024 yil – savdo 773,3 mln dollar (17 %)ni tashkil etdi.
Bu raqamlardan ko‘rinadiki, 2021–2024 yillarda umumiy savdo hajmi qariyb ikki barobarga oshgan. Ayniqsa, 2024 yilda eksport hajmi o‘sishi natijasida savdo balansi nisbatan barqarorlashdi.
AQSHdan import asosan yuqori texnologiyali uskunalar, neft-gaz sanoati uchun jihozlar, farmatsevtikava aviasanoat mahsulotlari hisobiga shakllanmoqda. Import hajmining yuqori bo‘lishi ko‘pincha manfiy tendensiya sifatida ko‘riladi. Biroq tahliliy nuqtai nazardan, bu jarayon mamlakat iqtisodiyotining texnologik modernizatsiyasi va sifat jihatdan o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki AQSHdan olib kelinayotgan tovarlar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lib, ishlab chiqarish tarmoqlarida innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda.
2021–2024 yillarda O‘zbekistondan AQSHga eksport hajmi besh baravarga yaqin o‘sdi. Bu hajm to‘qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavotlar va ayrim mineral resurslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.AQSH kabi talabchan bozorga kirish O‘zbekiston mahsulotlari uchun sifat standartlariga moslashishni taqozo etmoqda. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda katta “maktab” vazifasini bajarmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda AQSHning yirik transmilliy korporatsiyalari O‘zbekistonda faol ishtirok etmoqda. Jumladan:
“Honeywell” – sanoatni avtomatlashtirish, “aqlli sensorlar” va raqamli platformalar orqali ishlab chiqarish jarayonlarini samarali qilmoqda.
“Air Products” – gaz-kimyo sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqda.
“Visa” – raqamli to‘lov infratuzilmasini kengaytirmoqda.
“Coca-Cola” va “Procter & Gamble” – mahalliy bozorda sifat standartlari va iste’mol madaniyatini oshirmoqda.
E’tiborlisi, joriy yil sentyabrdagi tarixiy shartnoma – Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish – O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyat kasb etdi. Bu kelishuv nafaqat milliy aviaparkimizni yangilaydi, balki uzoq masofali to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish, aviatsiyada texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish, yuzlab mahalliy mutaxassislarni xalqaro standartlarda tayyorlash imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, “Honeywell”ning O‘zbekistonda kompaniya sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mamlakat sanoatida raqamli transformatsiyani yanada jadallashtirmoqda. Shu bois, O‘zbekiston uchun AQSH bilan hamkorlikning ahamiyati faqat savdo raqamlari bilan emas, balki uzoq muddatli texnologik yangilanish, kadrlar salohiyatini oshirish va global bozorga integratsiya nuqtai nazaridan baholanishi kerak, deb o‘ylayman.
Mehri Vohidova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri.