Jahon miqyosida geosiyosiy taranglik, iqtisodiy beqarorlik, resurslar uchun raqobat keskin tus olgan bir paytda, mintaqaviy hamkorlik va muloqotlar har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu ayniqsa, Markaziy Osiyo kabi murakkab tarixga va o‘ziga xos geostrategik o‘ringa ega bo‘lgan hududlar uchun dolzarbdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-10 oktyabr kunlari Tojikiston Respublikasiga amaliy tashrifi aynan mana shunday murakkab geosiyosiy sharoitda mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Tashrif doirasida Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammiti va MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu muhim xalqaro uchrashuvlarda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan strategik va amaliy tashabbuslar mamlakatimizning mintaqaviy hamda global miqyosdagi faol, pragmatik va tashabbuskor o‘rnini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Prezident Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi bir vaqtning o‘zida bir necha muhim yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bir tomondan, bu O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, bu tashrif mintaqaviy integratsiya va keng ko‘lamli hamkorlik jarayonlarida O‘zbekistonning yetakchi rolini yanada mustahkamladi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning uchrashuvida ikki tomonlama savdo hajmi, yuk tashish va aviaqatnovlar sonining ortishi ijobiy natija sifatida qayd etildi. Bunday mustahkam poydevor esa, o‘z navbatida, butun mintaqa uchun barqaror rivojlanish modeliga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi sammit esa mintaqa mamlakatlari uchun umumiy chaqiriq va tahdidlarga nisbatan yakdil va hamohang yondashuv shakllantirayotgan muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. Prezident Mirziyoyev sammitdagi nutqida Rossiyani Markaziy Osiyo uchun ustuvor strategik sherik va ittifoqchi sifatida alohida ta’kidladi. Umumiy tarix va madaniy yaqinlikka asoslangan bu hamkorlik tashqi siyosatdagi pragmatizm va ko‘p vektorlilik prinsiplarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida esa Prezident Mirziyoyev tashkilot doirasidagi an’anaviy hamkorlik mexanizmlarini yangicha mazmun bilan boyitish, ularni zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligini bildirdi. Mamlakatimiz rahbari MDHning murakkab global sharoitlarda ham o‘z samaradorligini saqlab qolayotganini qayd etib, tashkilot doirasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator aniq va puxta takliflarni ilgari surdi.
Prezident Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan tashabbuslar institutsional mexanizmlarni mustahkamlash, iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport-logistika tizimini takomillashtirish, energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ajralib turadi. Hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish va 2027 yilgacha mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi hamkorlikni tizimlashtirishda muhim qadam bo‘ladi.
Buxoroda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etish, “agroekspress” loyihasini amalga oshirish, transport sohasida axborot-logistika markazlarini yaratish, atom energetikasi va sun’iy intellekt sohasidagi sheriklik loyihalari, diplom va malaka oshirish sohasidagi yangi kelishuvlar, “Kelajak muhandislari” konsorsiumi hamda Xivada o‘tkaziladigan MDH yoshlar forumi kabi tashabbuslar kelgusi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Ayniqsa, xavfsizlik sohasidagi takliflar terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar hamkorligini kuchaytirish hamda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan muvofiqlashtirilgan yondashuvni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki barcha ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslarning muvaffaqiyati, avvalo, tinchlik va barqarorlikka bog‘liqdir.
Shu tariqa Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi va undagi samarali ishtiroki O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki Yevroosiyo makonidagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda faol va ta’sirchan sub’ekt sifatida namoyon bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatdi. Ilgari surilgan tashabbuslar o‘zining strategik ko‘lami, amaliy mazmuni va kelajakka yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi. Ularning izchil va samarali amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror taraqqiyoti, transport va energetika xavfsizligi, inson kapitalini rivojlantirish hamda uzoq muddatli mintaqaviy farovonlikka xizmat qilishi shubhasiz.
Bu esa Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, pragmatizm va tashabbuskorlikka asoslangan muvaffaqiyatli yo‘nalishi sifatida alohida e’tiborga loyiqdir.
Farhodbek Ataxanov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi,
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA