Buxoroning ishbilarmon ayollari
Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi.
Hududlarda mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida tadbirkor va fermer xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar mohiyatini ayollar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan O’zLiDePning “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovi o‘z mahsulotlari va ishlanmalari bilan e’tiborga sazovor bo‘lib kelayotgan xotin-qizlarni aniqlash, sohaning yangi iqtidorli vakillarini kashf qilish, ularni partiya safiga jalb etish, o‘z navbatida partiyaning kadrlar zaxirasini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
O’zLiDeP tomonidan 2016 yildan beri an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovning dastlabki saralash bosqichi joriy yilda ham mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida bo‘lib o‘tdi. Ularda 500 dan ortiq ishbilarmon, tadbirkor, fermer, hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi. Dastlabki bosqich g‘oliblari ushbu tanlovning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Bu yilgi tashkil qilingan ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichida viloyatning tuman, shaharlardan tashrif buyurgan jami 13 nafar ishtirokchi xotin-qizlar o‘zaro bellashdi. Ular “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z bilim, mahorat va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi.
– Faoliyatimizni yo‘lga qo‘yganimizga to‘rt yil bo‘ldi, – deydi Romitan tumanidagi “Basiyr” MCHJ rahbari Surayyo Sharopova. Ko‘rik-tanlovda birinchi o‘ringa munosib deb topilganim meni yangi marralarga undaydi. Korxonamiz ko‘p tarmoqli bo‘lib, bu yerda asosan to‘qima stol-stullar hamda transport vositalariga tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Korxonada tumanimizdagi “Bog‘cha”, “Navoiy”, “Bobur”, “O‘ba”, “Tarnaut” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi vakillaridan 20 nafarining doimiy bandligi ta’minlangan. Eksportbop mahsulotlarimiz bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston Respublikalari va Qoraqalpog‘istonga yetkazib berilmoqda. Yiliga 500 million so‘mlik tayyor mahsulotlar realizatsiya qilinadi.
– Mazkur ko‘rik tanlovda ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish sub’ekti rahbari sifatida ishtirok etdim, – deydi Buxoro shahridagi “MAMEDOVA SH” xususiy korxonasi rahbari, mohir tadbirkor ayol Shahlo Mamedova. –Xotin-qizlar milliy liboslari, bilaguzuk, sirg‘a, qo‘l bezaklari, zargarlik mahsulotlaridan turli taqinchoqlar va boshqa buyumlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda O'zLiDeP tomonidan tadbirkor ayollarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgani bizni yangi marralarni egallashga da’vat etadi.
Darhaqiqat, ishbilarmon va tadbirkor ayol Sh.Mamedovaning sa’y-harakati bilan Buxoro shahrida tashkil etilgan ateleda 35 nafar, G‘ijduvon tumanidagi milliy choponlar tikish sexida 16 nafar, Qorako‘ldagi qo‘l mehnati mahsulotlarini tayyorlash sexida 15 nafar ayollarning bandligi ta’minlangan. Bundan tashqari korxonaning Jondor tumanidagi zardo‘zlik sexida ham 15 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan mashg‘ul. “MAMEDOVA SH” xususiy korxonasi tasarrufidagi boshqa bir qator sexlar Buxoro tumanida ham tashkil etilgan bo‘lib, ulardagi mahsulotlar anchagina xaridorgirdir. Korxona sexlaridagi pazanda qizlarning g‘ayrat-shijoati bilan tayyorlanayotgan shirinliklar barchaga manzur bo‘lmoqda.
Hakamlar tomonidan tadbirkor va ishbilarmon ayollarning iste’dod, mahorat va mehnatlariga munosib baho berildi. Ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilgan va qo‘lda tayyorlangan mahsulotlar hakamlar hay’ati tomonidan ko‘zdan kechirib, xolisona qaror chiqarildi hamda yakuniy natijalarga asosan g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Romitan tumanidagi “Basiyr” MCHJ rahbari Surayyo Sharopova, 2-o‘ringa Buxoro shahridagi “MAMEDOVA SH” xususiy korxonasi rahbari Shahlo Mamedova, 3-o‘ringa Buxoro tumanidagi “Naqshband” hunarmandchilik markazi rahbari Dilovar Boltayeva munosib ko‘rildi.
[gallery-24930]
Shuningdek, ishtirokchilar turli nominatsiyalari bo‘yicha ham alohida e’tirof etildi. Tadbirning g‘olib va sovrindorlari O’zLiDeP va hamkor tashkilotlarning diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov doirasida “MAMEDOVA SH” xususiy korxonasi dizaynerlari tomonidan tayyorlangan zamonaviy bichimdagi milliy liboslar namoyishi hamda san’atkorlar va ijrochi yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va badiiy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.