U-17 Jahon çempionati: bugun yana tört guruhda bahslar boşlanadi
Qatarda 17 yoşgaça bölgan futbolçilar örtasidagi Jahon çempionati qizğin pallaga kirdi. Guruh bosqiçining birinçi turida bir qator yirik hisoblar qayd etildi. Jahon çempionatining «Ye», «F», «G» va «H» guruhlarida birinçi tur uçraşuvlar ötkazildi.
Jumladan, özbek futbol muxlislari uçun alohida ahamiyatga ega bölgan «Ye» guruhida Italiya va Kot-d’Ivuar terma jamoalari ğalaba qozondi. Italiyalik ösmirlar Yamayka darvozasiga javobsiz 6 ta töp kiritgan bölsa, Kot-d’Ivuar vakillari Özbekistonni 2:1 hisobida mağlub etdi.
Natijada, Italiya va Kot-d’Ivuar 3 oçkodan jamğardi. Töplar nisbatiga köra italiyaliklar guruh peşqadamiga aylandi. Özbekiston va Yamayka terma jamoalari esa oçkosiz qoldi. Vakillarimiz töplar nisbatiga köra uçinçi poğonadan joy oldi.

«F» guruhida Tojikiston terma jamoasi Kubani 5:3 hisobida mağlub etib, musobaqani muvaffaqiyatli boşladi. Senegal va Xorvatiya örtasidagi uçraşuvda esa ğolib aniqlanmadi — 1:1. Şu tariqa, Tojikiston 3 oçko bilan birinçi örinni egallagan bölsa, Senegal va Xorvatiya bir oçkodan jamğardi. Kuba esa oçkosiz qoldi.
«G» guruhida ham sermahsul uçraşuvlar kuzatildi. Mali Yangi Zelandiyani 3:0 hisobida yenggan bölsa, Belgiya 3:2 hisobida Vetnam ustidan ğalaba qozondi. Uç oçkodan jamğargan jamoalar orasida töplar nisbatiga köra Mali birinçi, Belgiya ikkinçi örinni egalladi. Vetnam uçinçi, Yangi Zelandiya törtinçi poğonada bormoqda.
«H» guruhida esa birinçi turning eng yirik hisoblaridan ikkitasi qayd etildi. Marokaş Fijini 6:0, Ispaniya Xitoyni 5:0 hisobida mağlub etdi. Ikki jamoa ham raqib darvozasiga köplab töp kiritib, öz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Natijada Marokaş töplar nisbatiga köra guruhda birinçi, Ispaniya ikkinçi örinni egalladi. Xitoy va Fiji esa oçkosiz qoldi.

Bugun, 21-noyabr kuni çempionatning yana törtta guruhida birinçi tur uçraşuvlari ötkaziladi. Jumladan, «I» guruhida Tanzaniya — Kosta-Rika va Braziliya — Irlandiya, «J» guruhida Dominikan Respublikasi — Çernogoriya hamda Çili — Jazoir terma jamoalari bahs olib boradi.
Şuningdek, «K» guruhida Kamerun — Venesuela, Meksika — Ruminiya, «L» guruhida esa Yaponiya — Kolumbiya va Serbiya — Gonduras uçraşuvlari bölib ötadi.
Bugungi bahslardan söng musobaqaning barça 12 guruhida birinçi tur yakunlanadi.
Javohir Toşxöjayev, ÖzA