"Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari” joriy etiladi
Davlatimiz rahbari sohada ta’lim, qurilish va sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi hamda xodimlar madaniyatini qamrab oladigan “Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari” joriy etilishini ma’lum qildi.
– Har qanday inson poliklinikaga kirganda, avvalo, ozodalikni, tartibni, madaniyatni ko‘rishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu bois, birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul ta’minlanadi.
Joriy yil ilk bor tuman bo‘g‘inidagi eng yaxshi shifokor va hamshira nominatsiyalari bo‘yicha viloyat tanlovlari o‘tkazilmoqda. G‘oliblar 30 million so‘mdan mukofotlanadi.
Kelasi yil rag‘bat yanada kuchaytiriladi: viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan eng yaxshi o‘nta loyiha muallifiga 200 million so‘mdan grant beriladi.
O‘zA