Xalqaro reyting: O‘zbekiston qonun ustuvorligi indeksida yuqoriladi
Mamlakatimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z natijalarini ko‘rsatayotgani xalqaro miqyosda ham ko‘p bora e’tirof etilmoqda. Xususan, turli yo‘nalishlardagi qator xalqaro reyting va o‘lchovlarda O‘zbekistonning o‘rni va darajasi ijobiy tomonga yuqorilab borayotgani e’tiborga molik.
Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov O‘zA muxbiriga mamlakatimizning Qonun ustuvorligi indeksi va unda O‘zbekistonning o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi:
— Jahon odil sudlov loyihasi — World Justice Project (WJP) tashkiloti 2026-yil 21-oktabrda Qonun ustuvorligi indeksini e’lon qildi. 2026-yilgi Qonun ustuvorligi indeksi dunyo mamlakatlaridagi huquqiy tizimlar holatini baholash imkonini beradi. Indeks 143 ta mamlakat va hududni qamrab olib, qonun ustuvorligini sakkizta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi.
Ushbu indeks orqali qonun ustuvorligini ta’minlash borasida jahondagi umumiy vaziyat qanday o‘zgarayotgani, shu bilan birga, O‘zbekistonning bu jarayondagi o‘rni haqida batafsil bilishimiz mumkin.
Hisobotga ko‘ra, dunyo mamlakatlarining 62 foizida qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlari pasaygan. Global miqyosda huquqiy tizimlar bilan bog‘liq murakkab tendensiyalar kuzatilayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni qanday va mamlakat natijalari nimalarni anglatadi?
Qonun ustuvorligi huquqiy davlat va adolatli jamiyatning asosiy tamoyillaridan biridir. U davlat organlari faoliyatining qonunga muvofiqligini, inson huquqlarining himoyasini, odil sudlov va davlat boshqaruvida hisobdorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Hisobotga ko‘ra, 2026-yilda mamlakatlarning 62 foizida qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlari pasaygan, 38 foizida esa yaxshilangan. Bu salbiy tendensiya ketma-ket to‘qqizinchi yil kuzatilmoqda. Dunyo bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich o‘rtacha 0,5 foizga pasaygan.
Reytingda Daniya 0,90 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Norvegiya 0,89 ball bilan ikkinchi, Finlyandiya 0,87 ball bilan uchinchi bo‘ldi. Quyi o‘rinlarda esa Kongo Demokratik Respublikasi, Myanma, Sudan, Nikaragua, Kambodja, Gaiti, Afg‘oniston va Venesuela kabi mamlakatlar qayd etilgan.
Yil davomidagi o‘zgarishlar ham mamlakatlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi. Masalan, Latviya qonun ustuvorligi bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichini 1,6 foizga, Trinidad va Tobago 1,2 foizga yaxshilagan. Aksincha, Gaitida ko‘rsatkich 5,6 foizga, Tanzaniyada 3,6 foizga pasaygan.
Hisobotda davlat hokimiyati vakolatlarini cheklash, ochiq hukumat va asosiy huquqlar kabi yo‘nalishlardagi muammolarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu holat qonun ustuvorligini ta’minlash nafaqat huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, balki ularning amalda samarali ishlashiga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Mintaqa va O‘zbekiston ko‘rsatkichlari. 2026-yilgi indeksda O‘zbekiston 0,50 ball bilan 143 ta mamlakat orasida 79-o‘rinni egallab, umumiy ko‘rsatkich bir yilda 0,3 foizga yaxshilangan. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha ball ham 0,50 ni tashkil etdi. Demak, O‘zbekistonning umumiy natijasi mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichga teng.
Mintaqa mamlakatlari natijalari bir-biridan farq qiladi. Masalan, Gruziya va Chernogoriya 0,57 balldan to‘plagan bo‘lsa, Qozog‘istonning ko‘rsatkichi 0,53, Qirg‘izistonniki 0,45, Rossiyaniki esa 0,40 ballni tashkil etgan.
“Tartib va xavfsizlik” yo‘nalishida O‘zbekiston 0,90 ball bilan 143 ta mamlakat orasida 15-o‘rinni egalladi. 2025-yildagi 17-o‘rin bilan taqqoslaganda, ikki pog‘onaga o‘sish kuzatildi. Korrupsiyaning mavjud emasligi yo‘nalishida 0,48 ball bilan 65-o‘rinni egalladi. Bu 2025-yildagi 0,47 ball va 67-o‘ringa nisbatan ijobiy o‘zgarishdir.
Qonun ustuvorligini mustahkamlash davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va jamiyatda ishonch muhitini shakllantirish bilan bevosita bog‘liq. Qonunlar barcha uchun birdek amal qilgan sharoitda tadbirkorlik rivojlanishi, investitsiyalar uchun ishonchli muhit yaratilishi va ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanishi uchun imkoniyatlar kengayadi.
WJP hisobotida ham qonun ustuvorligi iqtisodiy farovonlik, tinchlik va investitsiyaviy ishonch bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Bu huquqiy institutlarning samaradorligi nafaqat davlat boshqaruvi, balki mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun ham muhimligini anglatadi.
O‘zbekistonning 2026-yilgi natijalari qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi holatni xalqaro mezonlar asosida baholash va kelgusi vazifalarni belgilash imkonini beradi. Bunda davlat organlari hisobdorligini oshirish, ochiqlikni kuchaytirish, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish va odil sudlov samaradorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligi adolatli jamiyat, samarali davlat boshqaruvi va iqtisodiy taraqqiyotning muhim huquqiy asosidir. U inson qadrini ta’minlash, jamiyatda ishonchni mustahkamlash va kelajak avlodlar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, qonun ustuvorligini mustahkamlash O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.