Imom Buxoriy markazi olimlarining maqolalari AQSHda nashr qilindi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukrullo Umarov va Nodir Qobilovning maqolalari “International Journal Of History And Political Sciences” (ISSN 2771-2222) xalqaro ilmiy-akademik jurnalining joriy yil sentabr sonida chop etildi.
AQSHda nashr etiladigan, tarix va siyosiy fanlar yo‘nalishidagi muhim tadqiqotlarni keng yoritib boruvchi nufuzli jurnal jahon bo‘ylab ilmiy g‘oyalar va manbashunoslik sohasidagi eng so‘nggi izlanishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, turli davlatlar olimlari o‘rtasida akademik muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi xalqaro platforma hisoblanadi.
Sh.Umarov o‘z maqolasida Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining yoyilish tarixi, bu jarayonda payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari, xususan, Qusam ibn Abbosning tutgan o‘rnini Shohi Zinda majmuasi tarixiy manbalari asosida ilmiy jihatdan atroflicha tahlil qilib bergan bo‘lsa, N.Qobilov Imom Buxoriyning hadisshunoslik sohasidagi beqiyos metodologiyasi, xususan, roviylarni saralash va hadislarni qabul qilishdagi qat’iy me’yorlarining ilmiy asoslariga alohida e’tibor qaratgan.
Maqolasi chop etilgan olimlarga jurnal tomonidan maxsus mualliflik sertifikatlari ham taqdim etilgan.
Manbashunoslik va hadisshunoslik sohalariga bag‘ishlangan ushbu izlanishlarning nufuzli xorijiy nashrda e’lon qilinishi Imom Buxoriy xalqaro markazida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining xalqaro talab va standartlarga to‘la mosligini, shuningdek, yurtimiz allomalari merosini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish borasidagi amaliy ishlarning yana bir muhim samarasini ko‘rsatadi, deb yozmoqda markaz matbuot xizmati.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri