O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024 yilgi faoliyati yakunlari va joriy yildagi rejalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjuman avvalida Markaz direktori, taniqli dinshunos olim, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov Markazning 2024 yilda xalqaro aloqalar va qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasida qilingan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
E’tirof etilganidek, hisobot davrida xorijdagi 5 ta yetakchi ilmiy-tadqiqot markazi va universitet bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi. Hamkorlar bilan dolzarb mavzularda 52 ta xalqaro konferensiya, ilmiy seminar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Markazning 16 nafar xodimi xorijda tashkil etilgan ilmiy anjumanlar, malaka oshirish kurslarida va delegatsiya tarkibida ilmiy safarlarda ishtirok etdi.
Markaz fondida 16 ta qo‘lyozma, 8 ta toshbosma kitob (jami 24 ta manba) jamlandi. Jumladan, aholi qo‘lida saqlanayotgan 6 ta qo‘lyozma kitob va 8 ta toshbosma kitob (jami 14 ta manba) hadya sifatida qabul qilindi, jismoniy shaxslardan 10 ta qo‘lyozma kitob xarid qilindi.
Markaz qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 120 ta kitob (218 ta asar)ning 23 ming 573 varag‘i skaner qilinib, elektron nusxalari tayyorlandi. Markaz fondida saqlanayotgan 88 ta qo‘lyozma asar annotatsiyasi www.bukhari.uz saytiga joylashtirildi. Shuningdek, 178 ta qo‘lyozma kitob sahifalari chang-g‘ubordan tozalanib, konservatsiya qilindi.
Markaz elektron bazasi 1 ming 403 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari bilan boyitildi. Turkiya qo‘lyozma asarlar bosh boshqarmasidan Imom Buxoriy asarlarining 20 ta elektron nusxasi olib kelindi.
“Sahihul Buxoriy” asari qo‘lyozmalarining xorij fondlarida saqlanyotgan 864 ta elektron nusxasi to‘plandi. Buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarining xorijiy fondlarda saqlanayotgan 13 ming 260 ta qo‘lyozmasi ro‘yxati shakllantirildi.
Markaz bo‘lim boshlig‘i, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jonibek Jumayev hisobot davrida markazdagi ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar tahlilini keltirdi. Unga ko‘ra, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Abdulhamid Keshiy, Abu Lays Samarqandiy kabi buyuk allomalarimizning 15 ta noyob asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi, 8 nomdagi kitob va monografiya nashr etildi, 12 nomdagi kitob va risolalar nashrga tayyorlandi.
Yurtimizning 161 ta tuman va shahrida 44 ming 300 nafar davlat xizmatchisini qamrab olgan holda “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan himoya qilish”, “Allomalarimiz merosida insonparvarlik g‘oyalari” mavzularida targ‘ibot uchrashuvlari tashkil qilindi.
Islom dini va hadislar mohiyatini buzib talqin qilayotgan radikal guruhlarga qarshi 69 ta raddiya, 159 ta videodars, 953 ta tahliliy ma’lumot tayyorlandi.
“Qaytaruv guruhi” tomonidan ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatining Urgut tumani, Samarqand va Katta Qo‘rg‘on shaharlaridagi mahallalarda o‘tkazilgan 35 ta uchrashuvda 3000 nafardan ortiq fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Markaz direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayev 2025 yildagi istiqbolli reja va loyihalar tavsifini keltirdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil mobaynida ham Markazda yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlarda faoliyat uzluksiz davom ettiriladi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025 yil uchun ish rejasi juda keng qamrovli va muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri