Arab olimning kitobi e’tirof etildi
Iroqdagi “Azzaman” gazetasining shu yil 9-iyuldagi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Umarovning “Ma’naviyat va ma’rifat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi” nomli maqolasi chop etildi.
Maqolada iroqlik yozuvchi, publitsist, jurnalist va tadqiqotchi Ahmad Jasim Zubaydiyning joriy yil boshida arab va o‘zbek tillarida nashr etilgan “Ma’naviyat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi: Islom – insoniylik, bilim va ma’rifat falsafasi” nomli asari haqida so‘z yuritilgan.
Muallif Ahmad Jasim Zubaydiy bu asari orqali Yangi O‘zbekistondagi ma’naviy islohotlar, islom sivilizatsiyasi merosi va mamlakatning xalqaro madaniy tashabbuslarini arab o‘quvchilariga tanishtirishga harakat qilganligini ta’kidlaydi. Kitobda milliy davlatchilik asoslari, xalqning ichki kuch-qudrati va Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari chuqur falsafiy, ilmiy va hayotiy tilda asoslab berilgan.

Maqolada asarning konseptual asoslari va oldinga surilgan yuksak g‘oyalar, jumladan, “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaliy natijalari, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlar, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida urg‘u berilgani qayd etiladi.
“Asarda tarixdan saboq chiqarish, bugungi imkoniyatlardan oqilona foydalanish va kelajakni ilm-fan asosida qurish g‘oyalari yaxlit tizim sifatida tashkil etilgani zikr qilinadi. Unda ilgari surilgan yuksak g‘oyalarni keng jamoatchilikka, ayniqsa, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimizga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglatish har bir ziyolining, olimu tadqiqotchining burchidir. Ahmad Jasim Zubaydiy bilan birga mazkur asarni arab dunyosida taqdim etilganiga guvoh bo‘lgan shaxs sifatida ta’kidlash lozimki, asarni dunyo tillariga tarjima qilib, taqdimotlarining o‘tkazilishi yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va diniy sohadagi islohotlarning xalqaro maydonlarda tarannum etishiga xizmat qiladi” deb yozadi Shukrullo Umarov.
Iroqlik Ahmad Jasim Zubaydiy uzoq yillar arab ommaviy axborot vositalarida jurnalist va tahlilchi sifatida ishlagan. Arab va xalqaro madaniy masalalar, sivilizatsiyalar muloqoti hamda ma’naviyat mavzularida ko‘plab maqola hamda kitoblar muallifi hisoblanadi. Uning O‘zbekiston tarixi va madaniyati, bugungi islohotlar jarayonini o‘rganish va dunyoga keng targ‘ib etishdagi xizmatlari davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilib, yaqinda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA