“Farg‘ona: kecha va bugun” fotoko‘rgazmasi ochildi
Mana bu surat Marg‘ilonning xonlik davri manzaralari. Odamlar yupun, imoratlar paxsa loydan. Bunisi esa Farg‘onadagi ilk neft konlari. Chimyon qishlog‘ida neftni burg‘ulovchi mutaxassislar tasvirlangan. Ko‘rgazmaga shu kabi 250 ta fotoeksponat qo‘yilgan. U “Farg‘ona: kecha va bugun” deb ataladi. Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat o‘lkashunoslik muzeyida manzillar, tarmoqlar, shaxslarga oid turli davr aks etgan fotohujjatlar va ularning hozirgi holati qiyoslangan ko‘rgazma ochildi.
– Tarix raqam, foto va virtual videotasvirlarda qayta jonlangandek bo‘ldi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti professori, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Sobirjon Siddiqov. – Bu ko‘rgazmaga universitet talabalarini olib kelamiz, tarixni dalillar asosida anglash darslarini o‘tamiz.
– Viloyat davlat arxivida bugungi kunda 750 mingdan ortiq saqlov birligidagi hujjatlar bor va ularning davriyligi 1917-yildan boshlanadi. Bizda 7,5 mingtaga yaqin fotohujjatlar ham bor, – deydi Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Mallayev. – Shular asosida “Farg‘ona: kecha va bugun” fotoko‘rgazmasini tashkil etdik. Uni muzeyda namoyish etgandan so‘ng barcha tuman va shaharlarga sayyor tarzda olib chiqib, xalqimizga taraqqiyotimizning avvali va hoziri qanday bo‘lganini ko‘rsatib berishni niyat qilganmiz.

Fotohujjatli ko‘rgazma muzey zallarida ochilgani bu yerga xorijiy sayyoh va ichki turizm ishtirokchilarini ham jalb etish imkonini beradi.
– Statistik ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili salkam 3 millionga yaqin sayyoh kelgan bo‘lsa, undan 500 mingga yaqini xorijliklar edi. Bugunga kelib, 8 oy mobaynida 5 millionga yaqin mahalliy va 500 ming nafar xorijiy sayyohlar Farg‘onaga tashrif buyurdi, – deydi Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov. – Oldimizda hali festivallarimiz va juda katta tadbirlarimiz bor. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 2 baravarga oshirish mumkin.

Sayyohlar soni oshishida shunday ko‘rgazmalar tashkil etilayotganining o‘rni katta. U turizm salohiyatini va Farg‘onamizga qiziquvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

frame width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/WDkXEiK2quU" title="“Farona: kecha va bugun” fotokorgazmasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA