Yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyiha
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
–Energetika sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Investitsiya loyihalari, jumladan, Rossiya ishtirokidagi loyihalar hisobidan biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni bir yarim barobar – 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga oshirdik.
2030-yilgacha generatsiyani 120 milliard kilovatt-soatgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Uning 54 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari tashkil etadi.
Bizning energetika sohasidagi quvvatlarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hisobidan ham ortadi.
Kecha AES qurilishining birinchi poydevorini qo‘yish marosimida qatnashdik. Biz uchun bu uzoq muddatli rivojlanish, yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihadir.
Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA