Geosiyosiy taranglik dengiz ekotizimiga bosimni kuchaytirdi
Yaqin Sharqdagi mojaro dengiz ekotizimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Olimlar Afrika sohillari yaqinida kitlar bilan kemalar to‘qnashuvi xavfi ortib borayotganidan ogohlantirdi, deb xabar bermoqda BBC nashri.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab xalqaro yuk tashuvchi kemalarning bir qismi Qizil dengiz va Bob Ul-Mandob bo‘g‘ozini chetlab o‘tib, Afrika atrofidagi yo‘nalishga o‘tmoqda. Natijada Janubiy Afrika Respublikasi yaqinidagi dengiz hududida transport qatnovi keskin ko‘paygan.
Xususan, 2023-yildan buyon Yaxshi Umid burni orqali harakatlanuvchi tijoriy kemalar soni sezilarli darajada oshgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi “PortWatch” ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil mart-aprel oylarida mazkur yo‘nalish orqali 89 kema o‘tgan. Bu 2023-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar ko‘p.
Pretoriya universiteti huzuridagi Kitlarni o‘rganish bo‘limi rahbari professor Els Vermyulen va uning jamoasi ayni masala yuzasidan maxsus tadqiqot o‘tkazib, natijani Xalqaro kit ovlash komissiyasiga taqdim etdi.
Olim ta’kidlashicha, kemalar harakati bilan kitlar ko‘chishi kesishadigan hududda to‘qnashuv ehtimoli ortgan. Ayni payt muammoning haqiqiy ko‘lamini aniq baholash qiyin. Zero, bu ulkan jonivor ko‘pincha ochiq okeanda halok bo‘lib, suv tubiga cho‘kib ketadi.
Mutaxassislar xavfni kamaytirish uchun ayrim dengiz yo‘nalishlarini o‘zgartirish va muayyan mavsumda kemalar tezligini pasaytirish taklifini kiritgan. Shu bilan birga aniq ilmiy ma’lumot bazasini shakllantirish maqsadida havo va dengiz orqali qo‘shimcha monitoring o‘tkazish rejalashtirilgan.
Professor Vermyulen bu borada xalqaro ilmiy hamjamiyat va ekologiya tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.
D.Hakimov, O‘zA