Sun’iy intellekt tekstil sanoatini ham egallamoqda
Tikuv sanoati bugun yana bir texnologik burilish nuqtasiga yaqinlashdi. XIX asr boshlarida sanoat inqilobi davrida paydo bo‘lgan ilk tikuv mashinalari kiyim-kechak ishlab chiqarish jarayonini tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa, hozir bu jarayon sun’iy intellekt bilan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘sha davrda Elias Hove va Isak Zinger tomonidan takomillashtirilgan mexanik qurilmalar oddiy chok tikish vazifasini bajarib, mehnat unumdorligini bir necha barobarga oshirgan edi. Bugungi kunda esa HIKARI kompaniyasi bu tarixiy jarayonni raqamli va aqlli texnologiyalar bilan davom ettirmoqda.
Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimi aynan shu yangi davrning amaliy ifodasiga aylandi. INTECH dilerlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda HIKARIning eng yangi innovatsion tikuv mashinalari keng jamoatchilikka namoyish etildi. Tadbir nafaqat yirik ishlab chiqaruvchilar, balki yosh tikuvchilar va tadbirkorlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otdi.
<iframe width="1396" height="785" src="https://www.youtube.com/embed/GXF-YcnqrW4" title="Sunʼiy intellekt tekstil sanoatini ham egallamoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Taqdimotda kompaniya asoschisi va bosh direktori janob Wu shaxsan ishtirok etib, yangi avlod mashinalarining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, zamonaviy tikuv uskunalari endi faqat mexanik qurilma emas, balki ishlab chiqarish jarayonini tahlil qiluvchi va optimallashtiruvchi sun’iy intellekt tizimiga ega aqlli platformaga aylangan.
Tadbirda Namangan, Andijon, Farg‘ona va boshqa hududlardan kelgan tikuv fabrikalari rahbarlari, muhandislar va tajribali tikuvchilar ham ishtirok etdi. Ishtirokchilar yangi mashinalarning ish jarayonini bevosita sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, energiya tejamkorlik va ishlab chiqarish samaradorligini oshiruvchi texnologik yechimlar katta e’tibor qozondi.
Andijonlik tadbirkor Isroil Urayemov ham yangi texnologiyalarga qiziqishini yashirmadi: «Avval ham HIKARI kompaniyasidan tikuv mashinalarini xarid qilganmiz. Yangi modellarga ham qiziqishim oshdi. Mahsulotimiz sifatini yaxshilash va tikuvchilarimiz ishini yengillashtirish uchun sun’iy intellektli modellarni xarid qilishni rejalashtiryapmiz,» dedi u.
Shuningdek, INTECH vakillik korxonasi rahbari Muhammad Dosanov ham soha istiqbollari haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tekstil sanoati bugun global raqobat muhitida faol ishtirok etmoqda va zamonaviy texnologiyalarsiz bu raqobatda ustunlikni saqlab qolish qiyin.
Taqdimot jarayonida ishtirokchilar o‘rtasida o‘yin va lotereyalar ham o‘tkazildi. Natijada uch nafar omadli ishtirokchi HIKARIning yangi tikuv mashinalariga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida esa bir qator hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu esa kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga jiddiy kirib kelayotganini va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt bilan jihozlangan tikuv mashinalari nafaqat ishlab chiqarish tezligini oshiradi, balki sifat nazoratini ham yangi darajaga olib chiqadi. Bu esa O‘zbekiston tekstil sanoatining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashi mumkin.
Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov, O‘zA