Narkojinoyatchilik va giyohvandlik — millat genofondiga tahdid
Uzoq asrlar davomida insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan sivilizatsiyalar va karvon yo‘llarini birlashtirib kelgan Samarqand bugun ham Yangi O‘zbekistonning ulkan tashabbuslariga mezbonlik qilishda davom etmoqda. Ko‘hna va boqiy shaharda BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida o‘tkazilgan global forum O‘zbekistonning narkojinoyatlarga qarshi kurashishdagi qat’iy pozitsiyasi va bu yo‘lda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yangi tashabbuslarining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Jahon bojxona tashkiloti kabi 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari, 500 ga yaqin xalqaro ekspert va soha mutaxassislari ishtirok etgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekistonning mintaqadagi murakkab geosiyosiy joylashuviga qaramasdan, narkojinoyatlarga qarshi kurashishdagi qat’iy qadamlari va erishilayotgan ijobiy natijalari alohida e’tirof etildi.
Mamlakatimizda so‘nggi 10 yilda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yangicha ish uslublarining amaliyotga joriy etilishi o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan nisbatan qisqa muddat ichida 22 ta qonun hujjati qabul qilindi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya tasdiqlandi.
Prezidentimiz 2025-yil 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda yil boshidan buyon 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari ushlangani qayd etildi. Shuningdek, sohadagi salbiy tendensiyalar tahlil qilinib, psixotrop va sintetik moddalarning an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallayotgani, ular asosan yoshlar orasida tarqalayotgani, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz usulda tarqatilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu dolzarb masalaning o‘ta muhimligini ta’kidlab: “Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi”, deya alohida qayd etdilar.
O‘sha kuniyoq “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi. Mazkur hujjat giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Farmon bilan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar Milliy dasturi” tasdiqlanib, unda 52 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi.
Respublikada olib borilayotgan islohotlar natijasida tezkor-qidiruv faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2025-yilda 15 412 ta narkojinoyat aniqlandi. Sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 14 ta narkolaboratoriya hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qadoqlash sexlari fosh etildi.
13 170 ta giyohvandlik savdosini targ‘ib qiluvchi internet-narkodo‘konlar aks ettirilgan “narkograffiti” yo‘q qilindi. Narkojinoyat sodir etgan 11 049 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Noqonuniy muomaladagi 3 tonna 775 kilogramm giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi. “Qora bozor”dagi taxminiy qiymati 14 million AQSH dollariga teng 2 million 55 ming donadan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara etildi.
“Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal”, deganlaridek, profilaktikaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har yili fevral oyida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbir doirasida 2025-yilda ta’lim muassasalari va korxonalarda 53 500-marta uchrashuv o‘tkazilib, ularda 1,5 milliondan ortiq yosh ishtirok etdi. Shuningdek, 2 442 ta sport musobaqasi, 681 ta tasviriy san’at ko‘rik-tanlovi, 361 ta teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi va 72 ta marafon tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 27-yanvardagi yig‘ilishda bu borada davlat organlari faoliyatini tanqid qilib, narkotikka ruju qo‘yganlar, ayniqsa, yoshlar soni ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotganini ta’kidladilar.
Bu illatga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida profilaktik tadbirlar yil davomida uch bosqichda tashkil etilishi belgilandi. Bu doirada uyushmagan va ishsiz yoshlarning 640 nafari bandligi ta’minlandi.
“Qoradori – 2025” tadbiri ham samarali natija bermoqda. Uning doirasida 1 381 ta jinoyat aniqlanib, 26 904 kvadrat metr maydondagi giyohvandlikka oid zaharli o‘simliklar yo‘q qilindi.
Shuningdek, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri doirasida 7 187 ta narkojinoyat fosh etilib, internet orqali narkotik tarqatish bilan shug‘ullangan 243 nafar jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olindi.
Hozirda tizimni raqamlashtirish, internetda giyohvandlik vositalari tarqatilishini sun’iy intellekt orqali aniqlash va bloklashga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Ekspert-kriminalistika sohasi ham takomillashtirilmoqda.
Ma’lumki, narkojinoyatlar chegara bilmaydi. Shu bois xalqaro hamkorlik doirasida Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari bilan 14 ta qo‘shma tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi. Natijada transmilliy jinoiy guruh tarkibidagi 42 nafar shaxs ushlanib, 237 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qilish, balki tibbiy, profilaktik va ijtimoiy yo‘nalishlarni qamrab olgan kompleks yondashuv asosida olib borilmoqda. Bu sa’y-harakatlar aholi salomatligini asrash va millat genofondini himoya qilishdek ulug‘ maqsadga xizmat qilmoqda.
Botir QUDRATXO‘JAEV,
Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari