Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun mansabdor shaxslar javobgarligi kuchaytirildi
Davlatimiz rahbari 206 yil 20-aprelda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yong‘inlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat joylari, omborxona binolari, yotoqxona va turar joylarda, shuningdek tegishli ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurish chog‘ida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish – fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Amaldagi tahrirda mazkur huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Yangi qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yong‘in nazorati bo‘yicha bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari davlat yong‘in nazorati organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda mansabdor shaxslarga BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga haqli ekanligi belgilandi.
Amaldagi tahrirda mazkur jarima miqdori BHMning 20 baravari etib belgilangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning hamda aholining hayotiga va sog‘lig‘iga boshqacha tarzda muqarrar xavf paydo bo‘lishining oldi olinishi munosabati bilan tadbirkorlar faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib turishi mumkinligi belgilandi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
N.Abduraimova, O‘zA