“Paxtakor” ochkolarini 21 taga yetkazib oldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 8-turidan o‘rin olgan navbatdagi bahslar o‘z yakuniga yetdi. Unda kutilganidek favorit jamoalar o‘zlari uchun muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Xususan, Toshkentda o‘tgan "Paxtakor" va "Dinamo" klublari o‘rtasidagi o‘yin 4:2 hisobida yakunlandi. Uchrashuvda hisob 9-daqiqada Doston Hamdamov tomonidan ochilgan bo‘lsa, 22-daqiqada Bashar Resan poytaxt klubining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Biroq mehmonlar birinchi bo‘lim yakuniga qadar Anvar Hojimirzayev va Azizbek Amonovning gollari evaziga hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limning boshlanishidan hujumga e’tibor qaratgan “Paxtakor” o‘yin tizginini butkul qo‘lga oldi. Natijada 60-daqiqada D.Hamdamov penaltidan gol urdi. Oradan 11 daqiqa o‘tib, B.Resan ham o‘zining ikkinchi golini nishonladi.
Shu tariqa, Kamoliddin Tojiyev shogirdlari ochkolari sonini 21 taga yetkazib, musobaqa jadvalida peshqadamligini saqlab qoldi.

Farg‘onada o‘tgan "Neftchi" va "Nasaf" jamoalari bahsida 2:1 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, "Mash’al" klubi o‘z uyida "Xorazm"ni qabul qilib, 0:1 hisobida yengildi. Qayd etilgan natijadan so‘ng, “Neftchi” 21 ochkoga ega bo‘ldi. "Xorazm" esa 12 ochko jamg‘arib, "Nasaf"ga yetib oldi. "Mash’al" hamon ochkosiz qolmoqda.
Superliganing 8-tur bahslari bugun, 19-aprel kuni o‘z yakuniga yetadi. Unda dastlab soat 16:00 da "So‘g‘diyona" va "Bunyodkor" jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. "Qo‘qon-1912" esa o‘z maydonida "Andijon"ni qabul qiladi. Mazkur o‘yin soat 18:15 da boshlanadi.

Ma’lumot uchun,
“Qo‘qon-1912” hamda “Andijon” jamoalari chempionatlar mobaynida jami 30 marotaba to‘qnash kelgan bo‘lib, ushbu o‘yinlarda “Andijon” 10, “Qo‘qon-1912” esa 11 marotaba zafar quchgan. Qolgan 9 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 49\42, “Andijon” foydasiga.
O‘tgan yili birinchi davrada Qo‘qondagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, Andijonda esa mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Ayni damda Superliga jadvalida “Qo‘qon-1912” 7 ochko bilan 13, “Andijon” 6 ochko bilan 14-pog‘onada bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA