Tarix va sport uyg‘unlashgan xalqaro marafon
Qadimiy va navqiron Buxoro shahri yana bir nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qildi. Samarkand Marathon seriyasiga kiruvchi an’anaviy xayriya yugurish musobaqasi – Bukhara Night Race-2026 yuksak saviyada tashkil etildi. Beshinchi bor o‘tkazilgan mazkur tungi poyga nafaqat sport musobaqasi, balki madaniyat, turizm va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi yirik xalqaro loyiha sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Tarixiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va mehmondo‘stligi bilan mashhur Buxoro bu gal ham yugurish ishqibozlarini bir maydonga jamladi. Shahar ko‘chalarida kechgan musobaqa ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar baxsh etdi.
Joriy yilgi musobaqada dunyoning 26 davlatidan 3500 nafardan ortiq ishtirokchi va mehmon qatnashdi. Ular orasida professional sportchilar, havaskor yuguruvchilar, bolali oilalar hamda ilk bor startga chiqqan qatnashchilar ham bor edi.
Musobaqada ishtirok etgan davlatlar orasida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Yaponiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belarus, Xitoy, Polsha, Janubiy Koreya, Daniya, Norvegiya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Turkiya, Ukraina, Afg‘oniston, Belgiya, Bruney, Italiya, Janubiy Afrika Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi kabi mamlakatlar borligi tadbir nufuzini yanada oshirdi.
Ishtirokchilarning yoshi 3 yoshdan, 79 yoshgacha bo‘ldi. Bu esa sportning barcha uchun ochiq va umuminsoniy qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etdi. Start va finish nuqtasi an’anaviy ravishda Buxoroning ramzi hisoblangan Ark qo‘rg‘oni oldida joylashdi. Yuguruvchilar Labi Hovuz majmuasi, Toki Telpakfurushon va Tim Abdullaxon savdo gumbazlari, Poyi Kalon ansambli hamda mashhur Kalon minorasi yonidan o‘tdi. Kechki yoritish tizimi, qadimiy shahar muhiti va bayramona kayfiyat musobaqaga o‘ziga xos joziba bag‘ishladi.
Musobaqaning eng yorqin voqealaridan biri 10 kilometr masofada yangi trassa rekordi o‘rnatilgani bo‘ldi. Rossiyalik sportchi Rinas Ahmadeyev masofani 28 daqiqa 42 soniyada bosib o‘tib, Bukhara Night Race tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Avvalgi rekord 2024-yilda Andrey Petrov tomonidan 30 daqiqa 15 soniya natija bilan o‘rnatilgan edi. Yangi natija musobaqaning raqobat darajasi yil sayin oshib borayotganini ko‘rsatdi.
Musobaqa dasturi turli yosh va imkoniyat egalari uchun mos ravishda shakllantirildi. Unda 21,1 kilometr yarim marafon, 10 kilometr, 5 kilometr, 2 kilometr skandinavcha yurish, 60 metrdan 1000 metrgacha bo‘lgan bolalar yugurishlari tashkil etildi.
Start jarayonini qulay tashkil etish maqsadida ishtirokchilar tezligiga qarab klaster tizimi joriy etildi. Shuningdek, 21,1 km va 10 km masofalar xalqaro darajada tan olingan World Athletics va AIMS tashkilotlari tomonidan sertifikatlangani musobaqa maqomini yanada yuksaltirdi.
Bu yilgi yangiliklardan biri – yugurish ekskursiyasi bo‘ldi. Unda 100 nafardan ortiq ishtirokchi sport bilan shug‘ullangan holda Buxoroning diqqatga sazovor joylari, tarixi va madaniy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur shakl sport, sayohat va ma’rifatni birlashtirgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir doirasida “Avvalgidan tozaroq” dasturi asosida plogging aksiyasi ham o‘tkazildi. Bu yugurish jarayonida chiqindilarni yig‘ishga qaratilgan ekologik harakatdir. Ishtirokchilar tarixiy shahar tozaligiga o‘z hissasini qo‘shib, ekologik madaniyatni targ‘ib etdi.
Finish hududida ishtirokchilar va mehmonlar uchun elektron musiqa loyihasi QARAQOOM chiqish qildi. Mintaqa madaniyati va tabiatidan ilhomlangan mazkur jamoa o‘z chiqishlari bilan tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Samarkand Marathon seriyasi 2025-yilda SheRACES akkreditatsiyasini olgan bo‘lsa, 2026-yildan esa BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu esa sport orqali tenglik, inklyuzivlik va xotin-qizlar faolligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
[gallery-28859]
Mazkur yirik tadbir O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan tashkil etildi. Samarkand Marathon 2026 bosh hamkorlari Xalq banki, Xazna, APEX INSURANCE. Shuningdek, tadbirni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamkorlik qildi.
Bukhara Night Race-2026 Buxoroning nafaqat tarixiy va sayyohlik markazi, balki xalqaro sport tadbirlarini yuqori saviyada qabul qila oladigan zamonaviy shahar ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Mazkur marafon orqali Buxoro dunyo xalqlarini do‘stlik, sog‘lom turmush tarzi va madaniy meros atrofida birlashtirdi. Shubhasiz, Bukhara Night Race kelgusi yillarda ham yurtimizning eng nufuzli sport anjumanlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab boradi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari