Superliga: Bugun markaziy bahslar bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Superligasining 8-turi doirasida navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Jumladan, turning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilayotgan "Neftchi" va "Nasaf" jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuv soat 18:00 da start olsa, oradan bir soat o‘tib, "Mash’al" o‘z maydonida "Xorazm"ni qabul qiladi. Kunning so‘nggi bahsida esa "Paxtakor" o‘z uyida "Dinamo"ga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv soat 20:15 da boshlanadi.

Mazkur uchrashuvlar avvalida jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
Avvalo, ayni damda Superligada birinchi o‘rinda borayotgan “Paxtakor” jamoasining “Dinamo” klubiga qarshi o‘tkazgan o‘yinlari haqida to‘xtalamiz. Ushbu klublar chempionatlar tarixida 54 uchrashuvda to‘qnash kelgan. Unda "Paxtakor" 40 g‘alaba, 7 durang va 7 mag‘lubiyatni qayd etgan. Raqib darvozasiga 109 to‘p kiritib, 31 gol o‘tkazib yuborilgan.
Toshkentda o‘tkazilgan 27 uchrashuvning 24 tasida "Paxtakor" zafar quchgan. Uch bor esa Samarqand jamoasi ustun kelgan. O‘zaro o‘yinlarda eng yirik g‘alaba 6:0 - poytaxt jamoasi foydasiga.
Endi esa Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” markaziy o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan “Neftchi” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvlar haqida.
Mazkur qarama-qarshilik milliy chempionatning eng prinsipial bellashuvlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Jamoalar shu kunga qadar Superliga (Oliy liga) doirasida 54-marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularning 20 tasida “Neftchi” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 12 ta uchrashuv durang natija bilan yakunlangan. 22 bor “Nasaf” ustun kelgan. Gollar nisbati ham qarshiliklar foydasiga — 68:59.
Tarixdagi eng yirik g‘alabalardan biri 1999-yil 23-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda farg‘onaliklar raqibini 4:0 hisobida mag‘lub etgan. 2003-yil 23-avgustdagi bahsda esa “Nasaf” 4:1 hisobida ustun kelgan. So‘nggi yillarda Farg‘onada o‘tgan o‘zaro o‘yinlarda “Neftchi”ning ma’lum ustunligi kuzatilmoqda. Xususan, oxirgi besh uchrashuvning uchtasida maydon egalari g‘alaba qozongan, birida durang qayd etilgan.
Kuni kecha Superliganing 8-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi. Unda Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi OKMK o‘z uyida "Buxoro"ni qabul qilib, 3:2 hisobida zafar quchdi. "Lokomotiv" — "Navbahor" uchrashuvi "lochinlar" foydasiga 2:0 hisobida o‘z nihoyasiga yetdi. "Surxon" esa "Qizilqum"ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA